Bugun Toshkentdagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti tashkil topganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi. O‘tgan yil davomida ushbu dargoh yurtimiz OTMlari ichida o‘z o‘rnini topa oldi.
O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 7-maydagi PQ-237-sonli “Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan universitet 2022-yildan ish boshladi. Universitet to‘liq akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan, davlat ishtirokidagi oliy ta’lim muassasasi sanaladi. Uning muassislari – O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti.
Munira Aminova, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori:
O‘tgan davr mobaynida universitet ko‘p yutuqlarga erishdi. Jumladan, bakalavriatda oltita, magistratura bosqichida uchta yo‘nalish bo‘yicha akkreditatsiyaga ega bo‘ldik. Shuningdek, doktorantura yo‘nalishimiz ham mavjud. 2022-yilda 700 nafar abiturient hujjat topshirgan bo‘lsa, shulardan 156 nafarini saralab oldik. 2023-2024 o‘quv yili uchun Qishloq xo‘jaligi vazirligi 6 ta yo‘nalishga 200 ta grant o‘rni ajratgan. Grantdan tashqari yana 150 ta o‘rnimiz mavjud. Magistratura uchun har bir yo‘nalishga 25 tadan kvota ajratilgan. Magistraturada bir yil tahsil olgach, bitiruvchilar Buyuk Britaniya diplomiga ega bo‘ladi”.
Universitetda aqlli qishloq xo‘jaligi (Smart Agriculture), agronomiya, biotexnologiya, agroiqtisodiyot, chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi va agrologistika kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilgan. O‘quv jarayoni to‘liq ingliz tilida yuritiladi.
Slavomir Vroblevski – Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti prorektori:
“Universitet nomi – Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti. Bu yerda urg‘uni “xalqaro” so‘ziga berish kerak. Chunki bu mamlakatga xalqaro standartlarni, xalqaro o‘qituvchilar va xalqaro dasturlarni jalb qilish lozimligini anglatadi. Bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi rivojiga chet mamlakatlar yutuqlarini, nou-xau, bilimlarni jalb qilish”.
Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘qituvchi-professorlar tarkibi xorijiy mutaxassislar va xorijda malaka oshirgan mahalliy o‘qituvchilardan iborat. Bu esa, agrar soha uchun xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yosh kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Sergey Lazvenko, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti professori:
“Zamonaviy dunyoda bugun olayotgan bilimlarimiz besh-o‘n yildan keyin eskirib qoladi. Mana shunday, tez o‘zgaruvchan sharoitda talabalarga berishimiz mumkin bo‘lgan eng muhim narsa – bu yangi bilimlarni o‘zlashtirish malakasi va ularni real hayotda qanday tatbiq etish mumkinligini tushunishdir. Zero har qanday kishi, birinchi navbatda ziyoli inson, o‘z hayotida turli muammolarni hal etadi va bunda olgan bilimlaridan foydalanadi. Aynan mana shu – o‘z bilimlarini muayyan voqyelikda qo‘llay bilishni biz talabalarimizda rivojlantirishga ahamiyat beramiz. Mana shu bilan universitetimiz boshqa OTMlardan ajralib turadi”.
Universitet bitiruvchilariga hamkor universitetning diplomi beriladi. Bu esa, bitiruvchilar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi – ular nafaqat yurtimiz qishloq xo‘jaligi korxonalarida ishlashlari, balki dunyoning istalgan yerida o‘z bilim va malakalarini namoyon etib, xalqaro bozorda o‘z o‘rinlarini topishlari mumkin.
Muhammad Umar Aslam – Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti Xalqaro talabalar qabuli bo‘limi xodimi:
“O‘zbekiston Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini Markaziy Osiyodagi eng yaxshi oliy ta’lim muassasalaridan biri deb bilaman. U Britaniya diplomini beruvchi yagona OTMdir. Undan kelajakda agrariya sohasining yosh yetakchilari yetishib chiqadi. Universitetda bakalavriat hamda magistratura bosqichida eng yaxshi bilimlar beriladi. Bu yerda men juda yaxshi sharoitlarni, ajoyib ustozlarni uchratdim. Ham infratuzilma, ham binolar, ham kompyuterlashtirilgan laboratoriyalar – barcha sharoitlar muhayyo. Kelajakda universitet dunyodagi eng yaxshi qishloq xo‘jaligi oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘ladi, deb ishonaman”.
OTMda davlat muassasasi shaklidagi Qishloq xo‘jaligi sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi (Capacity Building Center) tashkil etilgan. Shuningdek, talabalar, ilmiy izlanuvchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlanmalari asosida startap-loyihalarni yaratish va amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor beriladi.
Ushbu chora-tadbirlar universitetda ta’lim va amaliyot uyg‘unligini ta’minlaydi, yoshlarning istiqbolli g‘oyalarini hayotda ro‘yobga chiqarishga zamin bo‘ladi.
Muhammadjon Hikmatov, 1- kurs (foundation year) talabasi:
“Men bu universitetga kirganimdan juda xursandman. Chunki bu yerda yaratilgan sharoitlar juda zo‘r. Universitetni bitirganimizdan so‘ng oldimizda keng imkoniyatlar ochiladi. Men aqlli qishloq xo‘jaligi (Smart Agriculture) yo‘nalishini tanladim. Chunki bu yo‘nalish tabiatga putur yetkazmagan holda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni nazarda tutadi”.
Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida o‘quv jarayoni ilm-fanning ilg‘or yutuqlari asosida tashkil etilgan. Shu bois ta’lim muassasasi bitiruvchilari oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha menejer, eksport va import mutaxassisi, qishloq xo‘jaligida kompyuter texnologiyalari muhandisi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha jahon miqyosidagi mutaxassis bo‘lib yetishishlariga shubha yo‘q.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: