Aprel oyi oxirida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Umid Mamadaminovning Saudiya Arabistoni investitsiya vaziri o‘rinbosari Muhammad al-Husan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar agrosektordagi, jumladan urug‘chilik, quruq mevalar eksporti, o‘g‘itlar ishlab chiqarish sohalaridagi kelgusi aloqalar istiqbolini muhokama qildilar.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida Saudiya Arabistoni bilan savdo-investitsiya munosabatlarida salmoqli natijalar berishi mumkin bo‘lgan tayyor investitsiya loyihalari va aniq takliflarga ega qator korxonalar va tashkilotlar mavjud. Umid Mamadaminov ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston tomoni hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, u hozirda O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlarda rivojlanayotganini va agrosektorda allaqachon munosib natijalarga erishganligini ta’kidladi.
Janob Muhammad al-Husan tomonidan kelgusidagi ikki tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzish taklif etildi. U O‘zbekistonda investitsiya iqlimini yaxshilash borasidagi qulay shart-sharoit va keng ko‘lamli choralar Saudiya Arabistoni investorlarida o‘zbek bozoriga nisbatan katta qiziqish uyg‘otayotganligini aytdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Saudiya Arabistoni investorlarining onlayn-uchrashuvini tashkil qilishga, shuningdek O‘zbekistonga va Saudiya Arabistoniga o‘zaro tashriflar davomida ikki mamlakat delegatsiyalarining amaliy muzokaralarini tashkil etishga kelishib oldilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: