So‘ngi yillarda O‘zbekistonda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ularni parvarishlash bo‘yicha o‘ziga xos tajriba orttirilmoqda. Xususan, bebaho dorivor o‘simliklardan biri – na’matakni serquyosh zaminimizda ekib yetishtirish va undan mo‘l hosil olib farmatsevtika tarmog‘i uchun xomashyo sifatida foydalanish, qolaversa, xorij davlatlariga ham eksport qilish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu tabiat ne’mati nafaqat turli-tuman biologik faol moddalarning xazinasi, balki vitaminlar kompleksiga boyligi bilan ham alohida ajralib turadi.
Joriy yilda Namangan viloyati Pop tumanidagi “Qurbonbek” fermer xo‘jaligining 30 gektar yer maydonida ham ushbu dorivor o‘simlikning “Kalta yo‘g‘on” navi yetishtirilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, na’matakning ushbu navi har xil zararkunanda va kasalliklarga, issiq sovuq hamda suvsizlikka chidamliligi bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning fikricha, gektariga 30 sentnerdan na’matak hosilini olish mumkin. O‘simlikning ekish jarayoni baland va past yerlarda qator oralari 2-5 sxemada, dasht hududlarda 3-2 sxemada ekiladi. Yig‘ilgan hosil birinchi navbatda ichki bozor ta’minlash maqsadida yetkaziladi.
Aminjon Qo‘ldoshev “Qurbonbek” fermer xo‘jaligi ish yuritivchisi:
— Na’matak ekishning o‘ziga xos afzallik tomonlari bor. U yer tanlamasligi, suvsiz dasht hududlari va past baland yer maydonlarida yaxshi rivojlanishi amaliyotda isbotlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda respublikada na’matak dorivor o‘simligi yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini 470 gektarga yetkazish hamda jami 432 tonna mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan.
Jumladan, respublikamizning Buxoro viloyatida 82 gektar, Qashqadaryoda 25 gektar, Navoiyda 18 gektar, Namanganda 242 gektar, Sirdaryoda 5 gektar hamda Toshkent viloyatida 97 gektar yer maydonlarida na’matak yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: