Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning “CITIC Construction” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Yang Jiantsyan bilan videokonferensaloqa tarzidagi muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziev, Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev hamda vazirlik mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollari va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston tomoni Sirdaryo viloyatining qulay geografik joylashuvi, xorijiy investorlar uchun mavjud imtiyoz va preferensiyalar haqida ma’lumot berib o‘tdi. Shuningdek, Xitoy tomoni Sirdaryo viloyatida agrologistika majmuasini qurish loyihasiga katta qiziqish bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, ularni qayta ishlash va eksportga yo‘naltirishni o‘z ichiga olgan agrologistika majmuasini barpo etish uchun investitsiya kiritish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.
Muzokaralar davomida tomonlar yaqin kunlar ichida “CITIC Construction” kompaniyasi ishchi guruhining yurtimizga tashrifini tashkil etish hamda mazkur yirik loyihani joyida o‘rganish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Ma’lumot uchun: CITIC Construction – Xitoyning eng yirik davlat investitsiya korporatsiyasi CITIC Groupning qurilish va muhandislik sho‘ba korxonasi bo‘lib, 2008 va 2022-yillarda Pekinda o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlari uchun “Qush uyasi” stadioni, aminokislotalar (lizin, triptofan) ishlab chiqarish bo‘yicha yuqori texnologiyali agrosanoat majmualari qurilishi kompaniya tomonidan amalga oshirilgan loyihalar hisoblanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: