Qishloq xo‘jaligi tizimi va sohasini atroflicha tahlil qilish va islohotlarni joylarda ko‘zdan kechirish maqsadida O‘zbekistonlik mutaxassislardan iborat ishchi guruh Ozarbayjonda bo‘lib turganligini xabar qilgan edik. Bugun delegatsiya a’zolari kun tartibidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazish uchun navbatdagi manzilga yo‘l oldi. Muloqot uchun navbatdagi lokatsiya Ozarbayjon agrosug‘urta fondi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonning umumiy maydoni 86,6 ming km2, shundan quruqlik qismi 98,4, suv qismi esa 1,6 foizni tashkil qiladi. Aholisi 10,5 mln kishi. Ekin maydonlari 1 860 000 ga, shuning 1 787 973 gektari to‘liq ekin-tikin ishlariga qamrab olingan. Mana shu yerlarda dehqonchilik qiladigan fermerlarning 14 foizi agrosug‘urta tizimining to‘liq a’zosi hisoblanadi.
Ozarbayjonda agrar tizimni subsidiya qilish masalasiga davlat tomonidan ustuvor vazifa sifatida qaraladi. Agro tarmoqni isloh qilishga bu yerda 2002-yildan jiddiy kirishilgan. Yo‘nalish va bir birini takrorlovchi funksiyalar qisqartirishga yuz tutgan. Ishlaydigan va amaliy foydasi bor tizimga asos solishga o‘tildi. 2020-yilda mana shu islohotlarning natijasi sifatida Agrosug‘urta jamg‘armasi tashkil qilindi. Aslida fondning bugungi ishini qilayotgan 24 ta kompaniya bo‘lgan. Ammo jamg‘armaga asos solinishi bilan bu kompaniyalar ishi muvofiqlashdi.
Turkiya, Isroil va Yevropa ittifoqi mamlakatlarida tijorat sug‘urtasi tizimi muvaffaqiyatli faoliyat yuritadi. Lekin bu o‘z nomi bilan tijorat asosida qurilgan tizim. Ya’ni jamg‘armalar faqat foyda olishni ko‘zlaydi va manfaat uchungina xizmat ko‘rsatadi. Bu ham tijoriy loyiha.
Ammo dunyoda notijorat usuli ham bor. Mana shu tizimni Ozarbayjon o‘zining qishloq xo‘jaligi tizimiga tatbiq qila oldi. Natija yomon emas. Yaqin 3 yil ichidan sohaga qarash, taraqqiyotga erishishda ustivorlik yaqqol fond tarafda. Bunda bizdagi davlat xususiy sheriklik tamoyiliga o‘xshagan tizim yaratilgan. Davlat har tomonlama fermerga madad beradi. Uning yerga baraka urug‘i qadab, eksportga qadar mahsulot yetishtirishi, qadoqlashi va saqlashlariga zamin yaratib beradi. Misol uchun, biror tumandagi fermer qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirishga ahd qiladi. U o‘z navbatida mazkur maqsad uchun subsidiya ajratilishiga doir elektron platformaga murojaat qilib, ariza bitadi. Ozarbayjonda fermerga xizmat ko‘rsatuvchi agromarkazlar “dayim” deb ataladi. Mana shu yerda uning ishi hal bo‘ladi. Ortiqcha buyruqbozlik va san-salorlikka yo‘l yo‘q. Demak, fermer ma’lum mablag‘ga ega bo‘ldi. U yer solig‘idan tashqari barcha soliq va majburiy to‘lovlardan subsidiya muddati o‘tkunga qadar ozod qilinadi. 5 yil muddatga foizsiz mablag‘ ajratiladi. Fermer oladigan barcha qishloq xo‘jaligi texnikasi QQSdan ozod qilinadi. Mablag‘ ham fermerning kartasiga tashlab beriladi. E’tibor berayapsizki, barcha jarayon shaffof va raqamlashtirilgan. Fermer esa berilgan mablag‘ning 25 foizini naqd pul shakliga keltira oladi. Qolgan 75 foizini esa mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlarga yo‘naltiradi. Bunda pulning bu qismi qaerga, kimga va nima maqsadda o‘tkazilayotgani ko‘rinib turadi. Mana shu tizim fermerni mablag‘ni to‘g‘ri tasarruf qilishi uchun bosh omil. O‘z navbatida fermer ham bu imkoniyatda to‘g‘ri foydalanib, mahsulot yetishtirish va uni tashqi bozorga yo‘naltirishga har tomonlama harakat qiladi. Chunki bu unga yangi subsidiyaga ega bo‘lish va avvalgilarini erta so‘ndirishga asos hamdir. Lekin bu yerda asosiy masala fermerga ortiqcha marja va manfaat evaziga
Mablag‘ ta’minotini yuklash emas. Ishlayman degan va bu borada yetarli tajribaga ega barchaga birdek sharoit yaratish. Fond fermerdan foyda ko‘rmaydi. Pul ko‘rinishida. U fermer va uni ish tashkil qilishidan manfaatdor. Eksport va tashqi bozorlarga yo‘l ochilishi orqali mana shu masalalar o‘z yechimiga ega bo‘ladi. Bu biz ko‘zimiz bilan ko‘rgan va o‘rgangan tizimning ijobiy tomonlari.
Yana bir mulohaza. Agrosubsidiya fondining bu tarzda ish tashkil qilishi, o‘z navbatida sohada innovatsion yondashuv, fermerni qo‘llash va samarali boshqaruvni yuzaga keltiradi. Bu esa Ozarbayjon qishloq xo‘jaligining asosi hamdir. Ayni kunda bu yerda 7 ta sug‘urta kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Bu islohotlar natijasida yuqorida yozganimiz, 24 ta kompaniya maqbullashuvi ortidan bozorda qolgan kompaniyalar soni demak. Agrosug‘urta fondi esa, mana shu kompaniyalar faoliyatini muvofiqlashtirib, vujudga keladigan havflarni boshqarish hamda sug‘urta kompaniyalarining operatori vazifasini o‘taydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: