O‘zbekiston so‘nggi yillarda Ozarbayjon bilan amaliy va mustahkam hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga katta e’tibor qaratmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshayotgani, ko‘p qirrali aloqalar rivoji tobora taraqqiy etayotgani bor gap. Bugun rasmiy Toshkentning ozar birodarlarimiz bilan nafaqat tijoratda, balki ziroatda, qishloq xo‘jaligi sohasida ham fikrlari yakdil. Ya’ni, o‘zgarib borayotgan dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lish hamda dunyo bozoriga mos va xos mahsulot ishlab chiqarish. Modomiki shunday ekan bu boradagi hamkorlikni doimiy ravishda mustahkamlab borish, o‘zaro bordi-keldi orqali o‘rtada vujudga kelayotgan masalalarga ijobiy yechim topish yaxshi hamkorning vazifasi. Shunday bo‘layapti ham.
Kuni kecha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbariyati va agrar soha mutaxassislaridan iborat delegatsiya Ozarbayjonga jo‘nab ketgandi. Delegatsiya a’zolari qardosh yurtda o‘z uyiga qadam qo‘ygandek hisni tuydi desak mubolag‘a emas. Uchrashuvlar, muzokara, tanishtiruv va muloqotlar. Ammo, bu yig‘ilish yoki tadbirlarda ishtirok etish uchun qilingan ishchi dasturi emas. Qardoshlarimiz ayni masalalar yechimi borasida birgalikda harakat qilishga tayyor ekanliklarini bildirib, tashrif dasturiga o‘ziga xos o‘zgartirish kiritishgan. Ya’ni, bir uchrashuvda ham rasmiy idora vakili, ham shu sohaning amaliyotchi mutaxassisi jam bo‘ladi. Savol va javoblar esa soha rivojidagi muhim omillar nimalarda ekanini belgilaydi. Shunday bo‘ldi ham.
Ilk uchrashuv Ozarbayjon Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Ozarbayjon Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Baxrom Ashrafxonov, Prezidenti Administratsiyasi mas’ul vakili, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ullari ishtirok etdilar. Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Elchin Zeynalov o‘zbek hamkasblarini tashrif bilan qutlar ekan, ayni uchrashuvlar faqat ofislarda yoki rasmiy idorada emas, balki, hayotda ham o‘z aksini topishiga astoydil harakat qilishini bildirdi.
O‘z navbatida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov tashrifdan asosiy maqsad ham mana shu ekaniga alohida urg‘u berdi. Zamonaviy qishloq xo‘jaligini tashkil etish, agrosug‘urta, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, raqamli trasformatsiya jarayonlari, o‘rmon yong‘og‘i va danaksiz anorni yetishtirish, pillachilik, paxtachilik yo‘nalishlaridagi yaqin hamkorlik. Mana shu masalalar bir necha kungi tashrif dasturining asosini tashkil qiladi. Kutib oluvchi taraf ham ilk uchrashuvdan masalaga jiddiy kirishganini ko‘rsatayapti:
Bir narsa aniq bugun qishloq xo‘jaligida faqat yer va suvning borligi bilangina natija ko‘rsatib bo‘lmaydi. Ulardan oqilona foydalanish va boshqarish ham kerak. Bu esa sohaga ilmiy yondashuvni talab qiladi. Uchrashuv chog‘ida yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha har ikkala davlat vakillari sohada erishgan yutuqlari bilan o‘rtoqlashdi. Zero, qaysi tarafda natija va samara bo‘lsa, uni qo‘llash orqali albatta manfaat ko‘rilishi bor gap. Ozarbayjon bu borada bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Agro sug‘urta bozorida o‘ziga xos muvaffaqiyatga erishgan. Ishni to‘g‘ri tashkil qilish orqali fermer va yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga qator qulayliklar taqdim etib kelayotgani aslida tizimni to‘g‘ri ishga tushira olgani bilan izohlanadi.
Raqamlashtirish. Zamon bugun raqamli transformatsiyalar bo‘hronida. Boshqa sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham raqamlashtirish soha va tarmoqlarda ish unumi, mahsulot hajmi va hosil mo‘lligini ta’minlovchi omilga aylanib bormoqda. Uchrashuvda shu va boshqa masalalarga atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Ozarbayjon kundaligi davomida uchrashuv va muzokaralar haqida sizlarga batafsil ma’lumot yetkazib borishga harakat qilamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: