Xabar berganimizdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi delegatsiyasi ayni kunlarda Ozarbayjon Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi sohaviy mutasaddilaridan iborat ishchi guruh tashrifning asosiy kun tartibiga oid masalalarni muhokama qilishni boshladilar.
Boku. Ozarbayjon Qishloq xo‘jaligi vazirligi muloqotlar maydoniga aylanayotgani bor gap. G‘arb va Sharq nuqtalar birlashuvini ayni yerda ko‘rish ham mumkin. So‘nggi yillarda raqamli transformatsiya jarayonlarini muvaffaqiyat bilan qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga joriy qilayotgan Ozar qardoshlarimizdan bu borada o‘rganadigan jihatlar bisyor. Masalan agrotarmoqni raqamlashtirish. Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov rahbarligida tashkil etilgan muloqot ayni mavzuga bag‘ishlandi.
Sir emas, O‘zbekistonda ham mazkur yo‘nalishda qator ijobiy natijalarga erishilmoqda. Jumladan qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishga ustuvor vazifa sifatida qaralayotir. Vazirlik tizimida agrar sohani raqamlashtirish borasida qator tashabbuslar muvaffaqiyatli amaliyotga joriy etib kelinmoqda. Tajriba ham bu borada asqatishi turgan gap. Mana shu narsa ozarbayjonlik qardoshlarimizda bor. So‘nggi 5 yillikda rasmiy Boku bu boradagi o‘z qarashlarini bayon qilganki, soha shiddat bilan rivoj topmoqda.
Jumladan, agroplatforma yaratilib, bu EKTIS tizimida namoyon bo‘lmoqda. Tizim 6 ta yo‘nalishni o‘zida jamlagan bo‘lib, har bir yo‘nalish vazirlik majmuaviy soha tarmoqlarini qamrab oladi. Bu yerda xizmat ko‘rsatishdan tortib, innovatsion yechimga ega yangi navlarni ekishga qadar bo‘lgan barcha jarayon, nav sinashdan to yirik shoxli qoramollarni sun’iy urug‘lantirishga qadar bo‘lgan qator masalalar ijobiy yechimga ega. Bu Turkiya Respublikasida qator yillar davomida o‘zini oqlagan nomdosh tizimning amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilgani bilan bog‘liq.
Ma’lumki, Turkiya qishloq xo‘jaligini innovatsion rivojlantirish hamda raqamlashtirish borasida yetakchi davlatlardan biri sinaladi. Ayni shuning uchun uning tajribasidan Ozarbayjonda samarali foydalanilmoqda. Masalan, birgina agrosubsidiya tizimini olib ko‘rilsa, bu yerda u hosil ekishgagina emas, balki texnik ekinlarning ba’zilari uchun hosil hisobini moliyalashtirish yo‘nalishiga sarflanadi. Bu amaliyot biz uchun yangilik. Chunki O‘zbekistonda subsidiya bu kabi yo‘nalishlarga ajratilmaydi. Ammo bu borada ishlar jadal ketayapti.
Bundan tashqari, bu yerda har bir fermer agroplatformadan foydalanishi uchun elektron hisob yuritish tizimiga ulanganligi ham ayni muddao ekan. Ularning har biri haqida aniq ma’lumot, faoliyati, ekin turi va hosili bo‘yicha ham aniq hisob mavjud. Buni fermerning o‘ziga xos elektron pasporti desa ham bo‘ladi. Mana shu elektron hisobot orqali fermer subsidiyalash tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega. Bu haqida albatta keyingi reportajimizda batafsil to‘xtalamiz. Hozir esa, biroz Ozarbayjondagi fermerlik haqida to‘xtalib o‘tsak.
An’anaviy tarzda bundan 30-40 yillar ilgari ozar zaminiga quruq choy, uzum, anor kabi hosildor ekinlar ekilgan. Ammo vaqt va talab bu kabi mahsulotlarni o‘rnini boshqa tur bilan o‘zgartirdi. Faqat anor o‘z mavqeyini saqlab qola oldi. Bu salbiy ko‘rsatkich emas. Bil’aks, zamonaviy boshqaruv, yangicha fikrlash va qishloq xo‘jaligiga innovatsion tashabbuslarni joriy etish amaliyoti bilan chambarchas bog‘liq. Tashqi bozor talabidan kelib chiqib, mamlakatda eksportbop mahsulot tayyorlanadi.
Aslida, ozarbayjonlik fermerlarning hisobida juda katta ekin maydoni mavjud emas. 70 foiz dehqon 1 dan 3 gektarga qadar yer maydoniga ega. Mana shu yerdan oqilona foydalanib, daromad olish esa undan mohirlik bilan birga ilmiy izlanishni ham talab qiladi. Bir kontur mahsulotlari bir turda bo‘lishiga bu yerda ham katta e’tibor qaratilar ekan. Bu borada O‘zbekiston tajribasi haqida ham O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov atroflicha tushuncha berib o‘tdi.
Shu o‘rinda agrosubsidiya haqida yana bir ma’lumot. Ozarbayjonda u foyda manbai emas, balki qo‘shimcha qiymat hosil qiluvchi rag‘bat tizimi sifatida qaralayotgani e’tiborlidir. Shuning uchun agroparklar muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritayotgani bor gap. Agrar xizmat ko‘rsatish markazlari (bizdagi qishloq xo‘jaligidagi bilim va innovatsiyalar markazi – AKIS tamoyiliga yaqin) to‘laligicha fermerlar manfaatlarini ko‘zlab ish tutayotganligi mavjud resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatini yuksaltirmoqda. Ozarbayjonlik fermerlar o‘z navbatida agroplatforma imkoniyatlaridan ham unumli foydalanmoqda ekan. Bugungi kunga qadar 600 mingdan ziyod agrokuch mazkur tizim orqali faoliyatini yo‘lga qo‘ygani ortidan ma’murlikka erishmoqda. Bu o‘rganish va targ‘ib qilishga arzirli natija, aslida. Navbatdagi postlarimizni kuzatib boring va biz sizga agro sug‘urta tizimi haqida ma’lumot beramiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: