Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov agrar sohadagi islohotlar izchilligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida respublikamiz viloyatlarida bo‘lib, bahorgi agrotexnik tadbirlarni ko‘zdan kechirish bilan birga agroklasterlar rahbarlari va fermerlar bilan uchrashib mavjud muammolarni joyida hal qilayotgani haqida avval ham xabar bergan edik.
Kuni kecha Aziz Voitov agrar soha mutaxassislari bilan birgalikda Toshkent viloyatining bir qator tumanlarida bo‘lib qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi. Dastlab, vazir boshchiligidagi guruh viloyatning Nurafshon shahri atrofidagi dalalarda bo‘lib, “Real agro cotton” MChJ dala maydonida chigit ekish jarayoni, shuningdek dala chetlariga ekilgan sabzavot ekinlari holati bilan tanishdi. Mas’ullarga chigit ekishda agrotexnik talablarga rioya qilish zarurligi hamda dala chetlaridan samarali foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda dala va kollektor-drenaj atroflaridagi yerlardan unumli foydalanish vazifasi qo‘yilgan edi. Albatta bunda birinchidan ichki bozorimizni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsad qilingan bo‘lsa, ikkinchidan bu orqali yurtdoshlarimizning oilaviy daromadlarini oshirish ko‘zda tutilgan. Vazir boshchiligidagi ishchi guruh Bekobod tumani misolida viloyat bo‘yicha ehtiyojmand aholiga bo‘lib berilgan mana shu dala va kollektor drenaj atroflaridagi yer maydonlari bilan ham tanishdi. Bahor kunlarining har bir daqiqasi dehqon va fermerlar uchun g‘animat. Shu bois, dalalarda ish qaynagan. Bir tomonda hosilga kirish arafasida turgan ertagi karamlar ko‘zni quvnatsa, bir tomonda yaxshi niyat bilan makkajo‘xori urug‘lari yerga qadalmoqda.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun sifatli urug‘ tanlashdan boshlab to tayyor hosilni yig‘ishtirib olishgacha bo‘lgan vaqt alohida bir jarayon bo‘lsa, tayyor mahsulotni saralab, ichki bozor va eksportga yo‘naltirishning o‘zi ham alohida bir mavzu bo‘lgulik. Shu bois, vazir boshchiligidagi guruh Bo‘ka tumanidagi don va dukkakli ekinlar yetishtirish va ularni saralab, eksportga tayyorlash hamda eksport qilish bilan shug‘ullanadigan “TNA agro invest” MChJda ham bo‘lib, bu yerdagi ish faoliyati: mahsulotni saralash va qadoqlash jarayonlari bilan tanishdi.
Shuningdek Aziz Voitov mazkur MChJning sabzavot va poliz ekinlari yetishtirish uchun mo‘ljallangan dala maydonlarida ham bo‘lib, mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: