Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan ishchi xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish maqsadida joriy yil uchun o‘quv-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Toshkent davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha “Korrupsiyaviy harakatlar uchun javobgarlik” mavzusida tashkil etildi.
Unda vazirlik tizimidagi barcha idora va tashkilotlar xodimlari, universitetning professor o‘qituvchilari va hududiy boshqarmalarning vakillari ham ZOOM platformasi orqali ishtirok etdi.
O‘quv-treningda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi katta prokurori – Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy ta’lim markazi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Xudoyberdi Tursunbekovning “Korrupsiyaviy harakatlar uchun javobgarlik” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi. Ma’ruzada korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va uni sodir etgan shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik turlari xususida ma’lumotlar berib o‘tildi.
Ma’ruzada qayd etilishicha, korrupsiya bu – mansabdor shaxs tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan, shuningdek, bu bilan bog‘liq rasmiy nufuz maqomidan, imkoniyatlar va aloqalaridan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanish tushuniladi. Oddiy til bilan aytganda, har qanday pora olish, berish va unda vositachilik qilish, mansab vakolatidan chetga chiqish, mansab vakolatidan foydalanib talon-taroj qilishning barchasi bu korrupsion jinoyatlarni tashkil qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash borasida bildirilgan takliflar orqali o‘quv seminar savol-javoblarga boy bo‘ldi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: