Bahor fasli daraxtlarning qiyg‘os gullashi bilan yanada go‘zaldir. Oramizda oppoq, pushtirang ko‘rinishdagi daraxt gullariga qarab, uning hosilini chamalaydigan insonlar ham bor. Mo‘l va sifatli hosil esa nafaqat daraxtning guliga, balki o‘sha gullarning changlanishiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Yanvar oyida kuzatilgan keskin sovuq daraxtlarning gullashi, changlanishiga taʼsir qildimi? Nega bu yil daraxt gullarini changlatishda beminnat ko‘makchi bo‘lgan asalarilar kamnamo? Daraxtlar yaxshi changlanmasa, hosil olish mumkinmi? Barchani qiziqtirayotgan ushbu savollarga javob topish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining tajriba maydoniga yo‘l oldik.
Gullashda yetakchi daraxtlar. Bahor mavsumida eng avvalo, bodom, o‘rik, keyin esa boshqa mevali daraxtlar gullashni boshlaydi. Gullash esa, bevosita changlanish bilan bog‘liq jarayondir.
Aksariyat mevali daraxtlar o‘zini-o‘zi changlata oladi. Mevali daraxtlar orasida qisman o‘zidan changlanuvchi navlar ham bor. Ularga shaftoli, olma, gilosning ayrim navlarini kiritish mumkin. Daraxtlarning o‘z vaqtida gullashida esa, foydali yig‘indi haroratining ahamiyati juda katta. Ushbu harorat yetarli bo‘lganda o‘simliklar uyg‘onib, gullashga, meva tugishga intiladi. Bunda foydali yig‘indi harorati — havo harorati +10 darajadan yuqori bo‘lishi lozim.
Serhosillik kafolati nimaga bog‘liq? Daraxt mevalarining serhosil va sifatli bo‘lishi aynan ularning gullash va changlanish davriga bog‘liq. Daraxtlardagi gul kurtaklarining yetarli darajada changlanmasligi, changlanish davrida havo haroratining noqulayligi, bog‘larda changlatuvchi navli daraxtning yo‘qligi gullash va changlanish davriga salbiy taʼsir ko‘rsatadi va hosildorlikni keskin kamayishiga olib keladi.
Keskin sovuqning ta’siri. Joriy yilning yanvar oyida kuzatilgan keskin sovuq daraxtlarga, ularning gullashiga qisman o‘z salbiy taʼsirini ko‘rsatdi. Ya’ni, bir yillik novdalar, shuningdek, hosil kurtaklariga sovuq taʼsir qildi. Ammo bu daraxtlar gullamaydi, ular meva tugmaydi degani emas. Mevali daraxtlarning gullari 50 foizgacha bo‘lishi yetarli hisoblanadi. Mana shu 50 foiz gullar mevaga aylansa ham sifatli va mo‘l hosil olish mumkin.
Daraxtlarning changlanishi. Bahor oylarida asosiy changlatuvchi hisoblangan asalarilarning kamayib ketishi daraxtlarning chetdan changlanishini pasaytirib yubordi. Changlovchi navlarning changi havodan og‘ir bo‘lgani bois, bularni hasharotlar yetkazib beradi. Shunda unumli va sifatli changlanish hosil bo‘ladi va mevalar bir tekisda shakllanadi. Hozirda mevalarni changlatuvchi asalarilarning kamayishi hisobiga ularni sunʼiy changlatish ham mumkin. Shu orqali daraxtlardan hosil olish imkoniyati yuzaga keladi. Sunʼiy changlatish uchun imkoniyat bo‘lsa, asalari qutilarini bog‘larga olib kelish va jarayonni tashkil etish yoki mevali daraxtlarning gullaridan changdonlar yig‘ib olinadi va bir sutka davomida quritiladi, so‘ngra har bir gulni alohida-alohida pepetkada changlatib chiqiladi. Shuningdek, chang aralashmasini maxsus suspenziyalar bilan aralashtirilib, sepish ham mumkin. Bunday changlatish asosan kattaroq bog‘lardagi daraxtlar uchun qo‘llaniladi. Shuni taʼkidlash kerak, sunʼiy changlatilganda mevalarning tugishi ko‘proq, sepilganda esa kamroq bo‘ladi.
Yovvoyi daraxtlar orqali changlatish. Daraxtlarni chetdan changlantirishda yovvoyi turlardan foydalanish ham yaxshi natija beradi. Olmaning yovvoyi turlarida aynan changlovchilik xususiyati juda yuqoriligi bois, ularning changi uzoq muddat saqlanib turadi, unuvchanligi yaxshi hamda boshqa navlarni ham changlatish xususiyatiga ega bo‘ladi. Yovvoyi turdagi o‘simliklarni istalgan navga changlatuvchi sifatida foydalanilsa, bu bir tomondan payvantag uchun urug‘ beradi, ikkinchi tomondan asosiy changlovchi sifatida barcha navlarni changlatadi.
Eski bog‘larni saqlab qolish. Yosh bog‘ni tashkil etayotganda har 10 ta qatordan so‘ng changlatuvchi navni ekish maqsadga muvofiq. Modomiki, katta bog‘ni tashkil qilib, uni changlatish kerak bo‘lsa, daraxtlar yaxshi gullaganida bir shoxga changlatuvchi navni iskana payvand usuli bilan ulanadi va bir daraxtda ikki-uchta nav shakllantiriladi. Buning evaziga, iskana payvanddan keyin bir-ikki yil o‘tib, novdalar va shoxlar gullaydi va payvand qilingan navning changini beradi. Shu orqali eski bog‘larni saqlab qolish va yuqori hosil olish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: