2023-yilning 15-16-mart kunlari Toshkent davlat agrar universitetida “EU Ask Facility” loyihasi doirasida xalqaro mutaxassis Joys Teunissen (Niderlandiya) ishtirokida “Ichki audit – boshqaruv hamkori” mavzusida o‘quv-trening o‘tkazilmoqda.
Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligining markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari, vazirlik tizimidagi tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda oliy taʼlim muassasalari rahbar va mutaxassislari ishtirok etishmoqda.
Treningda dastlab xalqaro ekspert tomonidan ichki audit va uning tashkilot uchun qanday ahamiyatga ega ekanligi haqida tushunchalar berildi. Mutaxassisning keltirishicha, huquqiy manbalarda ichki audit vazirliklar va idoralarda byudjet intizomini kuchaytirish, bu bo‘yicha qonunbuzarliklarning oldini olish, byudjet tizimining va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalarning mablag‘laridan foydalanish samaradorligini baholashga qaratilgan mustaqil faoliyat yurituvchi bo‘lim hisoblanadi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan “Ichki audit bilan inspeksiyaning farqi nimada? U ham tekshiruv o‘tkazib, aybdorlarga huquqiy chora ko‘radimi?” mazmunidagi savolga mutaxassis shunday javob qaytardi: Ichki auditor tizimdagi vaziyatni baholaydi va kerakli tavsiyalarni beradi. Inspeksiya esa, tekshiruv o‘tkazadi va sud organlari bilan hamkorlik qiladi, oxir-oqibat firibgarlik va qonunbuzarlik kabi holatlarni aniqlashtirib, jazolaydi.
Qiziqarli savol-javob tarzida o‘tgan ushbu treningda auditorning ushbu tashkilotni tekshirishdan va faoliyat olib borishdan maqsadiga ham to‘xtalib o‘tildi. Yaʼni ichki audit bu tizimdagi boshqaruvga xolis xulosa va maslahat taqdim etish orqali tashkilotning muvaffaqiyatini oshiradi. Shuningdek, u tashkilotdagi xavflarni va boshqa jarayonlarni tekshirib, xatarlarni boshqarish va nazorat qilish jarayonlarini kuchaytiradi, tashkilot rahbariga to‘g‘ri qaror qabul qilishga ko‘maklashadi, davlat manfaatlariga xizmat qiladi va manfaatdor tomonlarning eʼtibori va ishonchiga erishadi.
— Treningdagi ishtirokchilarning savol-javoblaridan ham ular ichki auditga qiziqish bildirishayotganini va buning tizimga joriy etilishi nafaqat tashkilot uchun, balki xodimlarning haqqoniy tarzda faoliyat olib borishlarida ham ahamiyatli ekanini bilib oldik. Maʼlumki, vazirlik tizimida boshqarma boshliqlarining o‘rni muhim. Boshqarma boshliqlari esa ish boshqaruvchi darajasidagi mutaxassislar hisoblanishadi. Ular ichki audit bilan bog‘liq islohotda o‘z o‘rnini va vazifalarini to‘liq tushunishi kerak. Bu esa, ichki auditni tizimda shakllantirishni osonlashtiradi. Bugungi treningda aynan boshqarma boshliqlari jalb etilganining sababi ham mana shu. Ichki audit bu kimningdir yoki tashkilotning aybini topish, uning huquqiy jazo olishini taʼminlashga xizmat qilmaydi. Aksincha, u tashkilotning rivojlanishi uchun unda kutilayotgan xavf-xatarlarni oldindan aniqlab, bu borada tavsiya va maslahatlar beradi va bundan na tashkilot, na xodimlar zarar ko‘rmasligini istaydi. Shuning uchun ham ichki audit har bir tizimda, tashkilotda muhim deb o‘ylayman, — dedi “EU Ask Facility” loyihasi doirasida xalqaro darajadagi mutaxassis Joys Teunissen.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: