Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) qo‘shma loyihasi doirasida ikki kunlik seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va FAO mas’ul xodimlari, agrosanoat kompleksi soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar O‘zbekistonda innovatsiyalarni joriy etish va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishga bag‘ishlandi.
Seminarning maqsadlaridan biri innovatsiyalar va raqamli qishloq xo‘jaligini ilgari surish, milliy manfaatdor tomonlar va qishloq xo‘jaligi sektori ishtirokchilari o‘rtasidagi hamkorlik va muloqotni kuchaytirish, fermerlar, agrobiznes tadbirkorlari o‘rtasida bilim almashish va markazlashtirilmagan darajada kengaytirish xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq tasavvur va yo‘l xaritasiga ega bo‘lish edi.
Seminar ishtirokchilarga tajriba almashish va qishloq xo‘jaligi sohasida bilimlarni mustahkamlash, innovatsiyalar va raqamlashtirishning umumiy maqsadiga barcha tomonlar hissa qo‘shish yo‘llarini aniqlash uchun yaxshi imkoniyat yaratdi. Davlat organlari va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
– Qishloq xo‘jaligida mamlakatimizda osonlik bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan va umuman agrosanoat sohasi rivojiga ijobiy turtki beradigan innovatsiyalar mavjud, – deydi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov. Seminarning birinchi kuni “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsiyalar tizimini muvofiqlashtirish milliy platformasini ishga tushirish” mavzusini qamrab oldi. Shu kuni qishloq xo‘jaligida tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishchi guruhlar tuzildi.
Seminarning ikkinchi kunida agrar-oziq-ovqat sohasini raqamlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Unda “O‘zbekistonda agro-oziq-ovqat sektorini raqamlashtirish strategiyasini ishlab chiqishning boshlanishi” kun mavzusi boldi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va hududlarni raqamlashtirish – mamlakatimizni yanada iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biroq, qishloq xo‘jaligi sohasida bu yetarli emas. Fermerlar, ayniqsa kichik yer egalari va fermer ayollar raqamli transformatsiyadan ortda qolish xavfiga duch kelishmoqda. Milliy va xalqaro manfaatdor tomonlar tomonidan o‘tkazilgan turli so‘rovlar raqamlashtirish darajasining pastligini, raqamlashtirish taqdim etayotgan imkoniyatlardan xabardorlikning pastligini va raqamli ko‘nikmalarning cheklanganligini ko‘rsatadi.
– Seminarda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdik. Ular fermer va dehqonlarga axborotdan foydalanish imkoniyatini beradi. Shuningdek,ushbu kompleks choralar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Raqamlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Fozil Teshaev o‘z taqdimotida. Seminarda davlat organlari va xalqaro rivojlanish hamkorlari o‘rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Malumot uchun: “Qishloq xo‘jaligini raqamli transformatsiya qilish uchun zamin tayyorlash” milliy loyihasi innovatsiyalar va butun agro-oziq-ovqat sektorini raqamli transformatsiyalash masalalarini hal etishga qaratilgan. Loyihaning natijalari qishloq xoʻjaligini raqamli oʻzgartirish boʻyicha milliy harakatlar dasturini ishlab chiqish hamda markazlashmagan darajada kichik va oilaviy fermerlar bilan qishloq xoʻjaligi bilimlari va innovatsiyalarini takomillashtirish asoslarini ishlab chiqish orqali milliy va markazlashmagan darajalarga yoʻnaltiriladi. Farg‘ona vodiysida markazlashtirilmagan tajriba tadbirlari amalga oshiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: