Qishloq xo‘jaligida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish va import o‘rnini bosish rejalashtirilayotgan mahsulotlarni tizimli yetkazib berish ishlarining monitoringi bo‘yicha O‘zbekiston-Qozog‘iston ishchi guruhining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev ishtirok etdi.
Uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning 2022-yil 21-22-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar muhokama qilindi.
Qozog‘iston Respublikasi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi muhim yo‘nalishlardan biri ekani alohida ta‘kidlandi. Shu tariqa neftni qayta ishlash, chorvachilik va g‘allachilik tarmoqlarida loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasidan Qozog‘iston Respublikasiga meva-sabzavot, Qozog‘iston Respublikasidan esa O‘zbekiston Respublikasiga kartoshka, go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, 2022-yil 21-22-dekabr kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan edi.
Kun tartibidagi ikki tomonlama va mintaqaviy dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilgan edi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasining o‘zaro manfaatli loyihalarini ilgari surish, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, faol hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish shular jumlasidan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: