O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 1-yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasidagi Qo‘shma ishchi guruhining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig’ilish kun tartibiga muvofiq tomonlar fitosanitariya, bog‘dorchilik, uzumchilik, kartoshkachilik va agrar ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan ma’lumotlar almashishdi.
Tomonlar o‘simliklar karantini sohasida hamkorlikni rivojlantirishning jadal dinamikasini qayd etdilar. O‘zbekistondan Vengriyaga loviya, mayiz, olxo‘ri eksportini kengaytirish, Vengriyadan makkajo‘xori va kartoshka urug‘larini yetkazib berishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Vengriya tomoni Vengriya uzumchilik uyushmasi bilan birgalikda O‘zbekistonda uzum ko‘chatlari ishlab chiqaruvchi korxona tashkil etishda maslahat va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar 2023-yilda yetishtirish uchun 500 ming dona kartoshka niholini ko‘paytirish, shuningdek, issiqxonalarda sun’iy sharoitlarda kartoshkaning 700 ming dona minituber navini yetishtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Vengriya – O’zbekiston kartoshkachilik markazi rahbariyati o‘zbekistonlik mutaxassislarni Vengriyaga kartoshkaning genetik injeneriyasi va molekulyar seleksiyasi yo‘nalishida qisqa muddatli amaliyot o‘tash uchun yuborish masalasini taklif qildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: