Bugungi kunda fermer va klasterlar o‘rtasidagi mavjud muammolar, paxta xomashyosining xarid narxini belgilashda ikki tomonning manfatini emas balki, bir tomonning manfaatini ko‘zlab hisob-kitob qilinishi holatlari, fermer va klaster o‘rtasida shartnomalar tuzishdagi ma’muriy aralashuvlar yuzasidan e’tiroz va muammolar mavjud edi.
Mazkur yo‘nalishdagi muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-yanvardagi “Paxta xomashyosini yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-23-son qarori qabul qilinib, sohada yuzaga kelayotgan muammolarga yechim bo‘ldi.
Mazkur qarorga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, ularning ta’sischilarini yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga chaqirish, fermerlar bilan bo‘ladigan munosabatlariga ta’sir o‘tkazish qat’iyan man etilishi; paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda mahsulot yetishtiruvchilarga ekinlarni joylashtirish, yer va suv resurslaridan foydalanishda qonunchilikda nazarda tutilmagan cheklovlar kiritgan mutasaddilarga belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llanilishi belgilandi.2023-yil hosilidan boshlab har yili 1-oktyabrga qadar paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan kelgusi yil hosili uchun paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuzilishi yo‘lga qo‘yildi.Endilikda, mazkur qaror bilan tomonlar o‘rtasida fyuchers shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va monitoring qilishning shaffof tizimi yaratilmoqda. Bunda, paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari soliq organlarining axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.Natijada, paxta xomashyosini xarid qilish va yetkazib berish bo‘yicha tomonlar o‘rtasida shartnomalar tuzilishida qator byurokratik to‘siqlar va noqonuniy aralashuvlarning oldi olinadi.Shuningdek, qarorda paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan bo‘nak to‘lash mahsulot yetishtiruvchilar bilan kelishuv asosida pul va moddiy resurslar shaklida amalga oshiriladi. Bunda, moddiy resurslar, shu jumladan, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va o‘simliklarni himoya qilish vositalari ustamalarsiz (yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlari bundan mustasno) yetkazib berilishi belgilab qo‘yildi.Bundan tashqari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Nyu-York birjasidagi paxta tolasini o‘rtacha oylik fyuchers kotirovkalarining tahlili rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.Shuningdek, qarorda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta xomashyosining xarid narxi o‘zaro manfaatli kelishuv asosida shakllantirilishi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-noyabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va uning yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2-sonli qarorida 2022-yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirishni va paxta yig‘im-terimini Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan paxta-to‘qimachilik klasterlari va Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urug‘chilik xo‘jaliklari orqali moliyalashtirilishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 733-son qaroriga asosan Adliya vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi bilan birgalikda paxta-to‘qimachilik klasteri bilan fermer xo‘jaliklarining paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berish bo‘yicha tuziladigan fyuchers shartnomasi namunalarini ishlab chiqib, o‘zlarining veb-saytlarida joylashtirishi belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan shartnoma loyihasi Adliya vazirligiga taqdim etilgan. Adliya vazirligi tomonidan shartnomaga tuzatishlar va qo‘shimcha bandlar kiritilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasiga xizmatda foydalanish uchun yuborilgan.
Ushbu shartnoma tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, tomonlarning o‘zaro manfaatli kelishuviga muvofiq qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga muvofiq fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkinligi, shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaslik va shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanishi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-noyabrdagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmoni 3-bandiga asosan bir hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) barcha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzishga ruxsat beriladi deb ko‘rsatilgan.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 34-moddasiga asosan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyatiga aralashishga haqli emasligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-noyabrdagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va uning yig‘im-terim xarajatlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-2-son qarori 3-bandiga muvofiq:
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, shartnomalar tuzish erkinligini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga qonunchilikda javobgarlik choralari belgilanmagan. Shunga ko‘ra, kelgusida Vazirlik o‘z vakolat doirasida mazkur sohada javobgarlikni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilishi yuzasidan takliflarini qonunchilik tashabbusi subyektlariga kiritilishini ma’lum qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: