Qishloq xo‘jaligi yerlarining holatini yaxshilash, tuproqning unumdorligini oshirish muhim masalalardan hisoblanadi. Ushbu dolzarb masalaning ilmiy va amaliy tomonlarini tahlil etish va uning huquqiy asosini yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda. 2022-yilning 10-iyunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-277-son qarori qabul qilindi. Ushbu Qarorning mazmun-mohiyati va bu boradagi vazifalar bo‘yicha savollarimizga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining bo‘lim mudiri, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa (PhD) doktori Tolib Berdiyev javob berdi.
— Qarorning qabul qilinishiga nima sabab bo‘ldi?
— Bugungi kunda dunyoda global iqlim o‘zgarishi tufayli mamlakatimizda ham ob-havoning keskin o‘zgaruvchanligi kuzatilmoqda. Bu esa, yerlardagi salbiy holatlarning ortishiga olib kelmoqda. Natijada dunyo bo‘yicha 6-7 mln gektar yer maydoni turli xil degradatsiyaga uchrab, qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketmoqda. Buning oldini olish, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, yerlardan samarali foydalanish maqsadida ushbu qaror qabul qilindi.
— Ushbu Qarorning ijrosini taʼminlash qaysi tashkilotlar zimmasiga yuklatildi?
— Qarorda Qishloq xo‘jaligi vazirligi yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ sifatida belgilandi. Respublikamizdagi sug‘oriladigan tuproqlarning digumfikatsiya jarayonlarining oldini olish, sho‘rlanishga qarshi kurashish, shamol, sug‘orish eroziyasi bo‘yicha yangi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha yangi zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va amaliy ishlar ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
— Tuproq unumdorligini oshirish va sho‘rlanishga qarshi chora-tadbirlar belgilanganmi?
— Qarorda tuproqning unumdorligini taʼminlovchi va uning immuniteti vazifasini bajaruvchi gumus miqdorini 1 foizdan 1,5 foizgacha oshirish vazifasi belgilangan. Hozirda 2 mln 540 ming gektar maydondagi 1 foizdan kam bo‘lgan yerlarni 2025-yilgacha 1 mln 524 ming gektarga kamaytirish, shuningdek tuproqlarning ikkilamchi sho‘rlanishiga qarshi chora-tadbirlarda 2022-yilda 1 mln 883 ming gektardan ortiq sho‘rlangan maydonlarni 2025-yilga borib 1 mln 827 ming gektar maydonga tushirish vazifalari belgilandi. Sho‘rlanish jarayoni bilan bog‘liq ishlarimizda asosan yerning sho‘rlarini yuvish ishlari amalga oshiriladi. Biz taqdim etayotgan tavsiyalarimizda sho‘rlanishning tipi va ko‘rsatkichiga qarab, sho‘r yuvishning muddati va meʼyorlarini belgilab beramiz. Sho‘r yuvish esa har bir hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
— Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti Qaror ijrosini taʼminlash borasida qanday ishlarni amalga oshirmoqda?
— Qarorga asosan institutimiz faoliyatini yanada yaxshilash, ish ko‘lamining samaradorligini oshirish maqsadida respublikamizning 4 ta viloyatida filial tashkil etildi. Mintaqaviy filiallarimiz Qashqadaryo, Buxoro, Xorazm hamda Andijon viloyatlarida joylashgan. Qarorda keltirilgan vazifalarni amalga oshirishda ushbu filiallarning o‘rni beqiyos. Filiallar qoshida “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ular orqali yerlarda kechayotgan degradatsiya jarayonlarini baholash va holatini aniqlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish belgilangan. Bizning tadqiqot institutimizga agrokimyoviy xaritalar tuzish, tuproq sho‘rlanishini monitoring qilish va baholash kabi vazifalar belgilangan. Bu borada tadqiqotlar olib borilmoqda hamda zamonaviy geotexnologiyalar asosida xaritalar yaratilib, yerdan foydalanuvchilarga taqdim etilmoqda.
— 2023-yil 2-fevralda ushbu mavzu yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qaror qabul qilindi. Ushbu qarorda qaysi jihatlarga eʼtibor qaratilgan?
— Darhaqiqat, Vazirlar Mahkamasining “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash va hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda ularning natijalarini chop etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash” bo‘yicha 50-son qarori qabul qilindi. Unda har bir soha bo‘yicha qilinadigan ishlar hajmi, muddatlari, vazifalari aniq belgilab o‘tildi. Nizomda sug‘oriladigan yerlarda kechayotgan degradatsiya jarayonlarini baholash, monitoring qilish bo‘yicha vazifalar ham keltirilgan. Monitoring olib borilayotgan hududda avvalgi olingan maʼlumotlar va bugungi kundagi tahlillar natijalari asosida hisobotlar va maʼlumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Geoportalga joylashtiriladi va ularda kechayotgan jarayonlar baholanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: