Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasiga amalga oshirayotgan rasmiy tashrifi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri boshchiligidagi delegatsiya ham qator uchrashuvlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Misrning «Nil Shugar» («Oraskom Invesment») kompaniyasi rahbariyati bilan respublikamizga dolzarb bo‘lgan qand lavlagini yetishtirish, qayta ishlash va shakar mahsulotini ishlab chiqarish loyihasini Jizzax viloyatida amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.
Loyihaning umumiy qiymati 300 mln. dollarni tashkil etib, yiliga 200 ming tonna shakar mahsulotini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyiha doirasida Jizzax viloyatidan jami 100 ming gektar lalmi maydon tanlab olinadi va qand lavlagini 3 yillik almashlab ekish, boshoqli va dukkakli ekinlardan keyin joylashtirish va lalmi maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni (yomg‘irlatib sug‘orish – pivot) joriy etish ko‘zda tutilgan.
Olim va mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, Jizzax viloyatining tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, 50-85 tonnagacha hosil olish va gektariga 9-15 tonna shakar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Ma’lumot uchun: Misrda 2022 yilda jami 275 ming gektar maydonda qand lavlagi yetishtirilgan bo‘lib, asosan avgust sentabr oylarida ekiladi va mart-aprel oylarida hosil yig‘ishtirib olinadi. Hosildorlik o‘rtacha 428 s/ga tashkil etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: