“O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘g‘itlar samarasiz ishlatilmoqda” sarlavhasi ostida “Kun.uz” ijtimoiy tarmog‘ida intervyu joylashtirilgan. Ushbu intervyuda ko‘tarilgan masalalarga muvofiq, respublika qishloq xo‘jaligi ekinlariga talab etiladigan hamda ishlab chiqarilayotgan va ajratilayotgan mineral o‘g‘itlar miqdori tahlil qilinib, quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Izoh: Ilmiy asoslangan talab deyilgani bu ekilayotgan har bir qishloq xo‘jaligi ekinini vegetatsiya davrida yoki hosilni yig‘ishtirib olgunga qadar, ekinlarni tuproqdan olib chiqib ketadigan mineral o‘g‘it miqdorlari degani.
Shunga muvofiq, 2023-yil hosili uchun ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini mineral o‘g‘itlar bilan ilmiy asoslangan me’yorlari bo‘yicha oziqlantirish uchun sof holda 1 028 ming tn (gektariga 206 kg) azotli, 727 ming tn (gektariga 146 kg) fosforli va 358 ming tn (gektariga 72 kg) kaliyli o‘g‘itlar talabi mavjud.
Vazirlar Mahkamasining “2023-2025-yillarda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish balansi to‘g‘risida”gi farmoyishi loyihasida qishloq xo‘jaligiga mahalliy kimyo korxonalari tomonidan sof holda 875 ming tn (talabga nisbatan 85% ya’ni gektariga 175 kg) azotli, 157 ming tn (21% ya’ni gektariga 31 kg) fosforli va 80 ming tn (22% ya’ni gektariga 16 kg) kaliyli mineral o‘g‘itlar ajratilishi nazarda tutilgan. (Ekin turlari bo‘yicha ilmiy asoslangan talab va ajratilayotgan mineral o‘g‘itlar miqdori ilova qilinadi).
Yuqoridagilardan ko‘rinmoqdaki, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan belgilangan rejadagi hosilni yetishtirish uchun ilmiy asoslangan talabga muvofiq, mineral o‘g‘itlarni tabaqalashtirilgan holda belgilangan muddatlarda kiritilishi hisobidan rejalashtirilgan hosilni yetishtirishga erishiladi. Aks holda yalpi hosil miqdori kamayib, sifat ko‘rsatkichlari pasayishiga olib keladi.
Bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda, har yili qishloq xo‘jaligi ekinlariga berilayotgan mineral o‘g‘itlar miqdorini bosqichma-bosqich kamaytirib borishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, paxta-g‘alla-dukkakli, paxta-beda, sedirat ekinlarini ekib, erta bahorda ko‘k o‘g‘it sifatida yerga shudgor qilib tashlash lozim. Shuningdek, shudgor ostiga gektariga 25-30 tonna mahalliy o‘g‘it kiritish hamda tuproq xususiyatini yaxshilashga mikrobiologik preparatlardan qo‘llash choralari ko‘rilib borilmoqda.
Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi ekinlariga mineral o‘g‘itlarni klasterlar va fermer xo‘jaliklar tomonidan belgilangan me’yor va muddatlarda qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: