2023-yilning 5-9-fevral kunlari “Bonofarm Group” kompaniyasi delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari bilan birgalikda Toshkent shahridagi oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish markazlari va supermarketlar tarmog‘i hamda Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi parrandachilik korxonalarining faoliyati bilan tanishishdi. Shuningdek, Ohangaron tumanidagi parrandachilik klasterini qurish uchun mo‘ljallangan uchta yer uchastkasini ko‘zdan kechirishdi.
Eslatib oʻtamiz, Vengriya tomoni bilan hamkorlik dastlab, 2022-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitovning Vengriyaga tashrifi chogʻida boshlangan va u yerda agrar tizimda shuningdek, qishloq xo‘jaligi fanlari, ta’lim va xizmatlar sohasida ikki davlat hamkorligini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan profil uchrashuvlari oʻtkazilgan edi. Xuddi shu joyda O‘zbekistonda parrandachilik korxonasini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.
Aynan shu maqsadda “Bonofarm Group” kompaniyasi olti kun davomida respublikamizning viloyatlari va Toshkent shahrida bo‘lishdi. Tomonlar Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi parrandachilik klasteri qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishdi. Shiningdek, O‘zbekistonda mavjud parrandachilik xo‘jaliklari faoliyati bilan atroflicha tanishildi.
“Bonofarm Group” — Vengriyaning o‘simlikshunoslik, chorvachilik, vinochilik, ozuqa va go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning delegatsiyasi Toshkentga ijrochi direktor Attila Chani boshchiligida keldi.
Shunday qilib, 6-fevral kuni delegatsiya a’zolari Toshkent viloyatidagi “Food City” logistika markazi hamda Sergeli tumanidagi “Sifatli Xin” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli parrandachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.
7-fevral kuni Vengriya kompaniyasi vakillari parranda go‘shti ishlab chiqarish va sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Saxovat-broyler” mas’uliyati cheklangan jamiyatining parrandachilik fermasiga tashrif buyurishdi.
8-fevral kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Toshkent viloyati hokimligi vakillari bilan birgalikda “Bonofarm Group” delegatsiyasiga parrandachilik klasteri qurish uchun uchta yer uchastkasini taqdim etdi. Bu haqda batafsil mana bu yerda.
Vengriya delegatsiyasi tashrif yuqori saviyada tashkil etilganini va faoliyati bilan tanishgan korxonalarning ishini yuqori baholadi. Barcha kerakli maʼlumotlarni toʻplagan “Bonofarm Group” delegatsiyasi Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillariga samarali uchrashuvlar oʻtkazgani uchun minnatdorchilik bildirib, mamlakatimizda parrandachilik klasterini tashkil etish loyihasini kelgusida bosqichma-bosqich targʻib qilishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.
Videolavhamiz orqali tashrif buyurilgan joylarni ko‘rishni, shuningdek, delegatsiya a’zolari va O‘zbekistondagi parrandachilik fabrikalari rahbarlarining fikrlarini eshitishni taklif etamiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: