8–fevral kuni Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov Toshkent viloyati hokimligi vakillari bilan birgalikda Vengriyaning “Bonofarm Group” kompaniyasi ijrochi direktori Attila Chani boshchiligidagi delegatsiyaga parrandachilik klasteri qurish uchun uchta yer uchastkasini taqdim etdi.
Avvalroq delegatsiya Toshkent viloyatidagi mavjud parrandachilik xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishgan bo‘lsa, 8-fevral kuni Ohangaron tumanida Vengriya tomonidan parrandachilik klasterini tashkil etish loyihasini amalga oshirish uchun barcha zarur resurslarga ega 3 ta yer uchastkasi ko‘zdan kechirildi.
O‘z navbatida, “Bonofarm” vakillari taklif etilayotgan yer uchastkalarining imkoniyatlarini yuqori baholadilar, ularda 400 million AQSH dollari miqdorida parrandachilik majmuasi, parrandachilik fabrikasi (10 dona), kushxona (25 ga), yem zavodi (10 ga), inkubatsiya fermasi (5 ga), ona tovuqlarni yetishtirish fabrikasi (10 ga) barpo etishni ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Loyiha doirasida yiliga 25 million dona tuxum, 20 million dona so‘yiladigan nasldor tovuq, 110 ming bosh ona tovuq yetishtirish, 80 ming tonna ozuqa yetishtirish ko‘zda tutilgani e’tiborga molik.
Attila Chani, Bonofarm Group ijrochi direktori (Vengriya):
– O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritishdan manfaatdormiz. Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga tashrifimiz davomida biz barcha zarur ma’lumotlarni oldik, qurilish uchun yer maydonlarini ko‘zdan kechirdik, mavjud parrandachilik xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdik hamda kelishuvlar va O‘zbekiston tomonining hamkorlik qilishga tayyorligidan mamnun bo‘ldik. O‘ylaymanki, barcha uchrashuv va muzokaralarimiz rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish uchun qulay zamin bo‘ldi.
Loyiha doirasida chorvachilik samaradorligini oshirish maqsadida oʻsish, tuxum yetishtirish, sogʻlom yosh avlod olish va boshqa koʻrsatkichlar boʻyicha “Bonofarm” Oʻzbekistonda ozuqa premikslari ishlab chiqaruvchi zavod qurishga qiziqish bildirgan.
Aziz Voitov, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri:
– Vengriyalik sheriklarimiz hamkorlikka katta qiziqish bildirayotganini, muzokaralar va joylarni ko‘zdan kechirishda barcha tafsilotlarga e’tibor qaratayotganini, niyatlari jiddiyligi yaqqol ko‘zga tashlanishini alohida ta’kidlamoqchiman. Oʻz navbatida, biz hamkorlikka, kelgusida muzokaralarga va umumiy loyihamizni amalga oshirish uchun harakatga oʻtishga toʻliq tayyorligimizni bildirdik.
Vengriya delegatsiyasi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari yer uchastkalarini koʻzdan kechirgandan soʻng “Cruchon winery” turizm va vinochilik markaziga tashrif buyurishdi, u yerda uzumzorlar hududi va vinochilik uchun xizmat koʻrsatish xonalarini koʻzdan kechirdi. Ushbu manzilda tomonlar muzokaralarni yakunladi.
2023-yil 9-fevral kuni Vengriya delegatsiyasi Samarqand shahriga boradi va u yerda Samarqand viloyatidagi parrandachilik korxonasi faoliyati bilan tanishadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: