Respublikamiz dala maydonlarida ekiladigan qovunlarning deyarli 50 foizi kechpishar, uzoq masofalarga tashishga mo‘ljallangan va yaxshi saqlanadigan navlardir. Bular “Beshek”, “Alaxamma”, “Oqqosh”, “Qariqiz”, “Qo‘ybosh-476”, “Umrboqiy-3748”, “Qorapo‘choq”, “Qoraqand”, “Arkoniy”, “Gulobi”, “Qora gulobi”, “To‘qsariq gulobi”, “Ko‘k gulobi” navlaridir.
Kechpishar navlarni uzoq saqlashda o‘ziga xos meʼyor va talablar mavjud.
Kechpishar navlar may oyida ekiladi. Mahsulot yetishtirilayotgan paytda tuproq quruq bo‘lsa 3-4, zax bo‘lsa 1-2 marta sug‘oriladi. Sentyabr oyidan hosil yig‘ib olinadi.
Qovun saqlashga tayyorgarlik. Sentyabr oyida kechpishar navlar daladan terib olingach, bandi 2-3 sm uzunlikda kesiladi. 4-5 kun dalada qoldirilib, keyin omborlarga tashiladi.
Maxsus omborxonada saqlash. Qovunlar saqlanadigan maxsus omborlarga yorug‘lik tushmasligi va harorat 2-5оС. daraja bo‘lishi kerak. Ombor devorlari va tomi odatdagidan qalin loyshuvoq qilinadi. Devorlar va tomda tuynuk (teshik)lar bo‘lib, ular ventilyatsiya vazifasini bajaradi. Harorat ko‘tarilsa, ombor darhol shamollatib sovitiladi.
Namlik meʼyorida bo‘lishi uchun yerga qum to‘kiladi. Keskin sovuq paytida teshiklar mustahkam berkitilib, mahsulot muzlab qolmasligi uchun xona ichi isitiladi.
Saqlash usuli. Sentyabr oyida kechpishar navlar daladan terib olingach, qamishdan yasalgan maxsus qo‘g‘alarga bog‘lanadi. Qamish iyul oyida ko‘llar, kanallardan o‘rib olinadi va suvga ivitilib, bo‘laklarga bo‘lib chiqiladi. Keyin yerga to‘shab, eziladi. Ulardan bir necha yil davomida foydalanish mumkin.
Qovun qo‘g‘alarga bandi pastga qaratilgan holda bog‘lanadi va yog‘och to‘sinlarga terib chiqiladi. Shu tariqa mahsulot may oyigacha saqlanadi.
Respublikamizning Xorazm va Farg‘ona viloyati dehqonlari qovun saqlashda katta tajriba orttirganlar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: