O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari keskin sovuqda intensiv bog‘larda mevali daraxtlarni asrash bo‘yicha quyidagi zarur tavsiyalar berdilar:
Mevali daraxtlarni sovuqda tutun tutatish orqali asrash mumkin. Kechasi havo harorati -15°darajadan oshganda payraha, qurigan shox-shabba, somon uyumlarini nam holatda tutatib qo‘yiladi. Tutun bog‘ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni bog‘ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qo‘yish hamda havo haroratini kuzatib borish zarur. Agar 3 kun ichida kurtaklar qoraymasa, unda bog‘ va bo‘lg‘usi hosil saqlanib qolgan bo‘ladi.
Sovuqdan asrashda daraxtlar shaklining ham ahamiyati bor. Agar piramida shaklda bo‘lsa sovuqqa chidamli, sharsimon shakldagisi sovuqqa chidamsiz hisoblanadi.
Baʼzan daraxtda yetilgan mevalarni qishgacha qoldirish uning sovuqqa chidamliligini pasaytiradi. Shuning uchun daraxtda imkon qadar mevalarni qoldirmaslik kerak.
Mevali daraxtlarning tanasini oqlash sovuqdan himoyalash va quyosh nurini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishini pasaytirishning eng yaxshi usuli. Buning hisobiga daraxtning uyg‘onish davri, yaʼni tinim davri uzayadi.
Odatda meva terguncha yo‘g‘on shoxlar sinadi va to tinim davrigacha ular kesib olinadi. 2 santimetrdan oshgan kesilgan joylarga moyli bo‘yoq yoki alif surtib chiqilsa, sovuqdan zararlanishining oldi olinadi.
Agar mevali daraxtlar tana qismi yoki qalin shoxlarining tanasi shilinsa, sovuq taʼsirida yorilib, zahm paydo bo‘lsa, zaxlangan qismini tozalab 5% mis kuporosi, 5% Bordos aralashmasi bilan tozalab yuvib, ohakli bo‘tqa surtish lozim.
Shaftoli, olcha va o‘rik daraxtlari sovuqdan zararlansa, buni qayta tiklash qiyinroq, olma va nokka nisbatan sovuqdan zararlangan daraxtlarni erta bahorda kesib tashlamasdan, parvarish qilinsa, tirik qolgan kambiy qavatlari hisobiga yaxshi holatga keltirish mumkin. 2003-yildan buyon havo haroratining –25-27° darajaga pasayishining hisobiga mevali bog‘larda daraxtlarning ustki qismi zarar ko‘rmoqda. Sababi iqlim o‘zgarib, yurtimizga sovuq havo oqimi kirib kelmoqda. Natijada anor, anjir, xurmo kabi ekinlar nobud bo‘lmoqda.
Endi erta bahordagi sovuqdan himoyalashning oddiy usullarini aytib o‘tamiz: – mevali daraxtlar ertaroq uyg‘onmasligi uchun tuproq, ohakli aralashma, yaʼni oq tuproq qo‘shilmasi bilan bo‘yash (purkash)1/3; – kechqurun haftasiga bir marotaba oddiy suv sepish; – tutundan foydalanish (kechki vaqtlarda); – yaxob suv berish (tinim davrida). Ushbu usullar mevali daraxtlar uyg‘onishining tinim davrini 5-6 kunga kechiktiradi va mart-aprel oylardagi sovuqdan himoyalaydi.
Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: