O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi “O‘zdavyerloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti muassisligida “O‘zbekiston zamini” nomli jurnali 2019-yil 10-yanvarda 1006-son bilan ilmiy-amaliy va innovatsion jurnal sifatida ro‘yxatga olindi va chop etila boshlandi.
Jurnalning tahrir hayʼati Rossiya, Polsha, Armaniston va Slovakiya davlatlarining ko‘zga ko‘ringan olimlari, respublikamizdagi taniqli akademiklar, professorlar, fan doktorlari va sohaga aloqador rahbarlardan iborat tarkibda shakllantirilgan.
Jurnal O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasida ko‘rib chiqilib, 2020-yil 1-dekabrdagi 01-06/1733-sonli va 2020-yil 31-dekabrdagi 01-06/1993-sonli javob xatlari orqali “O‘zbekiston zamini” jurnali texnika, iqtisodiyot, arxitektura, biologiya geografiya va qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etiladigan milliy ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. Bu uning ilmiy izlanishlar olib boruvchilar uchun dolzarbliligini belgilaydi.
Jurnal yilning har choragida bir marta chop etishga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda 2022-yilning 4-sonini chop etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Наr bir nashr o‘z yo‘nalishiga, o‘quvchisiga ega bo‘ladi. Jumladan, “O‘zbekiston zamini” jurnalida O‘zbekiston Respublikasida yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer munosabatlarini tartibga solish, yer tuzishni va yerlar monitoringini tashkil qilish, tuproq unumdorligini saqlash, oshirish va qayta tiklash mavzulari yoritiladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlarining sifatli, yuqori hosildor navlarini yaratish va ishlab chiqarishga tadbiq qilish, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qishloq xo‘jaligini yuritish sohasidagi faoliyatlarini muvofiqlashtirish, davlat yer kadastrini yuritishni, shuningdek yer munosabatlariga bog‘liq fundamental, ilmiy-amaliy va innovatsion ishlarni yoritish ham uning chop etish vakolatiga kiradi.
Shu o‘rinda aytish mumkin, jurnal O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar, muassasa, korxona va tashkilotlarning ilmiy hamda ijodkorlik yo‘nalishidagi, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonidagi yutuqlarini targ‘ib qilish va eng yaxshilarini ommalashtirishga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
Tizimni rivojlantirish borasida o‘tkaziladigan uchrashuvlar, davra suhbatlari, maslahatlar, konferensiyalar, ko‘rgazmalar, kengash va taqdimot marosimlari ham ushbu jurnalda yoritib boriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: