2022-yilning 1-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Koreya Respublikasining Koreya Qishloq jamiyatlari korporatsiyasi (KRC) va Qishloq xo‘jaligida xalqaro hamkorlik instituti (DICA) hamkorligida Toshkent viloyatida joylashgan AKIS markazida “O‘zbekistonda bog‘dorchilik sohasida ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazini tashkil etish” loyihasi doirasida qad rostlaydigan o‘quv markaz qurilishiga start berildi.
Qurilish ishlarini boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To‘rayev, Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Alisher Shukurov va Toshkent viloyati hokimligi xodimlari hamda Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Kim Xi Sang, rahbari Li Ding Jin va Koreya Respublikasining Koreya Qishloq jamiyatlari korporatsiyasi (KRC) vakillari, mehmonlar qatnashishdi.
O‘zbekiston Respublikasining 2020-2030-yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyuldagi (PQ 321-son) qaroriga muvofiq) “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobidan 2022-2026-yillarda uchta markaz: “O‘zbekiston bog‘dorchilik sohasida ilg‘or texnologiyalarni o‘qitish markazi”, “O‘zbekiston aqlli qishloq xo‘jaligi” sanoat texnologiyalari innovatsion markazi” va “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va ko‘chatlari ishlab chiqarish markazi” qurilishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida AKIS markazi hududida zamonaviy bog‘dorchilik O‘quv markazi hamda 2 gektarlik namunaviy xo‘jalik tashkil etiladi.
Bu yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda ishtirok etuvchilar, xususan dehqon va fermer xo‘jaliklari vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari va qishloq xo’jaligi korxonalari xodimlari uchun ilg‘or bog‘dorchilik texnologiyasi bo‘yicha o‘quv va malaka oshirish kurslari o‘tkaziladi.
Tadbirda ishtirok etayotgan “DICA” rahbari Li Ding Jin fikrlarini bildirdi:
“O‘zbekiston va Koreya qishloq xo‘jaligida katta islohotlar va rivojlanish bo‘yicha yangi texnologiyalarga bosqichma bosqich o‘tilyapti. Hozirgacha Koreya qishloq xo‘jaligi yurtingizda “aqlli issiqxonalar” texnologiyasini yanada rivojlantirib, mahsulot sifatini buzmasdan muzlatgich omborlarida uzoq saqlash, bog‘dorchilik, sabzavotchilik sohalarini yanada takomillashtirib kelmoqdamiz. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida oddiy fermerdan toki sohaning ilmli vakiligacha bilim va tajribalarini oshirishni maqsad qilganmiz”.
Dehqon va fermerlar uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha tashkil etiladigan kurslarda koreyalik mutaxassislar 2000 nafar fermerlarga dars berishadi.
Koreya qishloq xo‘jaligi tajribasini o‘rganish maqsadida agrar soha mutaxassislari tajriba oshirish uchun Koreyaga yuborilishi ham ushbu loyiha doirasidagi vazifalardan hisoblanadi. Joriy yilning 27-sentyabr-3-oktyabr kunlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruhi Koreya Respublikasida bo‘lib, u yerda meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, tajribalar almashishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: