Za’faron krokus gullari (Crocus sativus) popugidan olingan to’q sariq rangli oziq-ovqat bo‘yog‘i, ziravor sifatida tanilgan. Dunyoda za’faron hosilining 90% gachasi Eronda yig‘iladi. Bizning mamlakatimizda za’faron plantatsiyasi O’zbekiston va Italiya o‘rtasidagi xalqaro investitsiya loyihasi doirasida paydo bo‘ldi.
Jizzax viloyati Baxmal tumanida za’faron “BMB Zafaron” brendi ostida milliy mahsulot sifatida yetishtirilib, qayta ishlanmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 2022-yilda Italiyadan O‘zbekistonga 16 mln dona za’faron piyozi olib kelingan. 2021–yilda esa 20 mln dona piyozi ekilgan edi. Ayni paytda plantatsiya 305 gektardan ortiq maydonni egallaydi.
Ushbu ziravor nimasi bilan qiymatli va nega u dunyodagi eng qimmatbaho sanaladi?
Za’faron guli qadimgi Misr va Ossuriya tabiblarining yozuvlarida tilga olingan. Yunonchadan tarjima qilganda gullagan za’far, ya’ni “krokus” – ip yoki tola degan ma’noni anglatadi. Uning ikkinchi nomi — “za’far” arab tilida “zeferan” “sariq” degan ma’noni beradi. U tibbiyotda, kosmetologiyada, pazandachilikda keng qo‘llaniladi.
O‘simlikning gullari kichik qo‘ng‘iroqlar yoki bokallarga o‘xshaydi. Ular yolg‘iz o‘sadi, gullari ochilganida diametri 5 sm ga etadi.
Za’farning qiymati uning popuklarida.
Ziravorning yuqori narxi yig‘ish va qayta ishlash jarayonining mashaqqatliligi bilan bog‘liq. Bitta gul uchta popuk hosil qiladi. Bir kilogramm ziravor olish uchun 200 mingga yaqin gul talab etiladi. Popuklar qo‘lda, erta tongda, gul endigina ochilganda yig‘iladi. Popuklarning qimmatli xususiyatlari ochilib bo‘lgan gulda emas, balki aynan g‘unchasida saqlanadi. Yig‘ish va quritishning butun jarayoni bir kunda amalga oshiriladi. Yig‘ilgan popuklar o‘sha kuniyoq quritilmasa, o‘z xususiyatlarini yo‘qotadi.
Za’faronni qanday yetishtirish kerak?
Za’faron yetishtirish uchun o‘simlikning biologik xususiyatlari bilan tanishish, shuningdek, gulning tuzilishi va ko‘rinishini o‘rganish muhimdir. Za’faron ba’zan krokus deb ham ataladi. Bu o‘simlik ko‘p yillik o‘simliklar qatoriga kiradi. Oilasi – sapsarguldoshlar. Ushbu gulning butalari kichik, taxminan 15-30 sm bo‘ladi. O‘simlik diametri taxminan 2-3 sm bo‘lgan kichik piyozboshlar orqali ko‘paytiriladi. O‘simlikning poyasi yo‘q. Piyozboshning tepa qismida birdaniga g‘uncha tugadi va barglar paydo bo‘ladi. Bitta piyozboshda uchtagacha g‘uncha paydo bo‘lishi mumkin. Gullar binafsha, siren rang, sariq yoki sabzirang bo‘lishi mumkin.
Za’faron guli chiroyli bo‘lsa-da, juda tez to‘kiladi. Keyin esa uning mevalari – ko‘sakdagi za’faron urug‘lari shakllanadi. Eng keng tarqalgan turlari bahorda gullaydi, ammo kuzda kurtak chiqaradigan navlari ham bor. O‘simlikning navlari anchagina.
Krokus – odatda 20 sm.dan oshmaydigan past bo‘yli o‘simlik. U klassik yumaloq va biroz yassi shaklga ega bo‘lgan piyozboshlar orqali ko‘payadi. Diametri bo‘yicha, krokus piyozboshlari hech qachon 3 sm.dan oshmaydi.
Piyozboshning qoplamasi qatlam-qatlam qobiqli tuzilishga ega. Pastki qismida esa solinchaksifat ildizlar joylashgan.
Krokusda odatda novdalar shakllanmaydi. Gullash paytida yoki undan keyin tutam qilib birlashtirilgan ensiz plastinkalar chiqarishi mumkin.
Krokuslar odatda sayoz chuqurlikka ekiladi.
Tuproq neytral bo‘lishi kerak. Uning qanday foydali xususiyatlarga ega ekani mutlaqo ahamiyatli emas, chunki kelajakda o‘sish va gullash uchun barcha kerakli va zarur xususiyatlar bevosita piyozboshning o‘zida joylashgan.
Qanday sug‘orish kerak?
Krokuslar ko‘p suvni xushlamaydi. Shuning uchun tuproqning yuqori qismi quriganida ularni sug‘orish tavsiya etiladi.
Haddan tashqari ko‘p suyuqlik piyozboshlarni zararlaydi.
Birinchi kurtaklar paydo bo‘lganda va gullar so‘na boshlagan paytgacha o‘simlik mo‘l-ko‘l sug‘oriladi. Shundan so‘ng, sug‘orish kamaytirib boriladi va sentyabr kelganda, sug‘orish butunlay to‘xtatiladi.
Qanday o‘g‘itlardan foydalanish kerak?
Agar o‘simlik ekish paytida tuproq dastlab yaxshi o‘g‘itlangan bo‘lsa, gullash paytida unga o‘g‘it berish kerak emas.
Krokus uchun eng munosib o‘g‘itlar fosfor va kaliydir. Ular piyozboshlarning va keyinchalik kurtaklarning mukammal darajada o‘sishini rag‘batlantiradi. Bundan tashqari, o‘g‘it sifatida organik moddalar – sigirquyruqdan foydalanishingiz mumkin.
Ochiq maydonda krokuslarni qanday parvarishlash kerak?
Ochiq maydonlarda krokuslar juda oson o‘sadi, chunki ularni parvarishlash minimal darajadagi sa’y-harakatlarni talab etadi. Butun boshli jarayondagi “murakkab” ish yerni qazish va ildiz mevalarni ekishdan iborat. Lekin buni ham har yili qilish shart emas.
Agar qishda qor kam yog‘sa, gullar bahorda erta sug‘orishga muhtoj bo‘ladi.
Krokus – qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik. U tuproqning haddan tashqari namlanishiga chidamli emas, lekin shu bilan birga uning gul bandlari balandligi piyozboshlardan qabul qilib olingan namlik miqdoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq.
Vaqti-vaqti bilan piyozboshlar unib chiqqan paytdan boshlab gullash jarayonining oxirigacha gullar ostidagi tuproqni yumshatib turish kerak. Krokus ildizlari havoga muhtoj. Agar yumshatilmasa, havo sirtda hosil bo‘lgan tuproq qobig‘i tomonidan to‘sib qo‘yiladi.
Piyozboshlarning ozuqasini olib qo‘yadigan begona o‘tlardan sinchkovlik bilan tozalash zarur. Krokuslarning ko‘p turlarida barglar faqat gullar paydo bo‘lgandagina shakllanishi bois begona o‘tlar hosildorlikni sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Ushbu o‘simlikning bahorgi navlarini birinchi marotaba qishda oziqlantirgan ma’qul. Kuzgilari esa organik moddalar bilan ekishdan ikki hafta o‘tgach oziqlantiriladi.
O‘simliklar so‘nib, barglar sarg‘aygandan so‘ng parvarishlash ishlari qazish paytigacha to‘xtatiladi.
Krokus yengil tuproqlarda gil tuproqlarga qaraganda yaxshiroq o‘sadi. Ekish oldidan tuproqqa qum qo‘shish kerak. Krokus -25°C gacha sovuqqa bardosh bera oladi.
Qanday quritish kerak?
Popuklarni quritish tartibi ham muhim. Jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlaridan himoyalangan, iliq, havo aylanadigan joyda amalga oshirilishi kerak.
Qanday saqlash zarur?
Za’faron ipchalarini uzoq vaqt davomida yorug’ joyga qo‘ymagan holda shisha idishda saqlash tavsiya etiladi. Za’faron yetishtirishning qoidalarga muvofiq amalga oshirilgan har bir bosqichi xushbo‘y ziravor ko‘rinishidagi kutilgan natijaga erishishga yordam beradi.
Bu qiziq
Za’faron asrlar davomida qiymati o‘zgarmagan dunyodagi yagona ziravor hisoblanadi. O‘rta asrlarda bo‘lgani kabi, hozir ham ushbu xomashyo narxi juda yuqori baholanadi.
Za’faron Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng qimmat ziravor sifatida kiritilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: