O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida Geoaxborot texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi va Koreya Respublikasining “Geotwo Co. Ltd.” kompaniyasi vakillari o‘rtasida yer axborot tizimlarini yaratish tajribasi va imkoniyatlarini o‘rganish yuzasidan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda dastlab Koreya Respublikasida joriy qilingan yer axborot tizimlarida qishloq xo‘jaligi yerlarining elektron ko‘rinishdagi xaritalarini tuzish, bir davlat misolida sholi ekinini monitoring qilish pilot loyihalarining taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, yaratilgan baza qatlamlari, jumladan, deshbord, NDVI xarita, yer klassifikatsiyasi va kodi, xarita servis menyusi, dron tasvirlari, elektron xaritalarni o‘lchash orqali maʼlumotlarni bazaga kiritish imkoniyati to‘g‘risida batafsil maʼlumot berib o‘tildi.
Mehmonlar tomonidan koreys tajribasi misolida aholi punktlari va joylashuvini kosmik suratlar va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kuzatish, statistik maʼlumotlar guruhining yillar kesimida xronologik ko‘rinishini taqdim etish va jadval shakliga o‘tkazish imkoniyati onlayn portalda namoyish etildi. Foydalanuvchining qatlamlardan foydalanishi davomida to‘rt yillik statistik maʼlumotlarni bir vaqtning o‘zida monitor orqali kuzatish jarayoni bilan ham tanishtirib o‘tildi.
Muloqot natijasiga ko‘ra, yuqoridagi tajribani O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi tarkibiga kiruvchi tizimlar, yerni masofadan zondlash va sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi loyihalarga joriy etish bo‘yicha onlayn va anʼanaviy uchrashuvlar tashkil etish masalalari kelishib olindi.
Maʼlumot uchun: Geotwo Co., Ltd. kompaniyasi Koreya Respublikasining geoaxborot va kosmik axborot sohasidagi eng ilg‘or va yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: