2022-yil 27-sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 07.05.2022-yildagi PQ-237-son Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi ostida Buyuk Britaniya Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (Royal Agriculture University) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti (IAU) yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yangi qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad —O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish doirasida agrar soha uchun zamonaviy talab va standartlarga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat. Bu borada yetakchi xorijiy universitetlar bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.
Ochilish marosimida qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov, Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti prorektori, professor Piter Makkafferi, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminovalar so‘zga chiqdi.
“Universitetimiz tarixidagi bugungiday muhim kunda sizlarni qarshi olishdan mamnunman. Ushbu dargoh yangi bilimlar, dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan intiluvchan yoshlarning maskaniga aylinishiga ishonchim komil.
Universitetimizda eng zamonaviy ilm-fanga yo‘naltirilgan turli yo‘nalishlardagi mutaxassislar uchun bilim beramiz. Ishonamizki, talabalar olgan bilimlarini kelgusida amaliyotda qo‘llay oladilar va zamonamizning global muammolari, xususan, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, pandemiya oqibatlari va boshqa masalalarni hal qilishga o‘z hissalarini qo‘shadilar.
Eng avvalo, oliygohimizda o‘z yurtining mas‘uliyatli, vatanparvarlar insonlari tahsil olishiga ishonishni istayman”.
Keyin esa Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, professor Alisher To‘rayev, Britaniya kengashining O‘zbekistondagi direktori Denis Uoddinghem, Niderlandiya Qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligining loyiha menejeri Yohem Pleysiyer va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti katta ilmiy xodimi, doktor Nil Ravenskroft talabalar uchun taqdimot-ma’ruza o‘tkazishdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etish taklifi bilan chiqqani ayni muddao bo‘ldi. Qirollik agrar universiteti o‘z navbatida ushbu yangi oliy taʼlim muassasasini tashkil qilishda vazirlik tomonidan asosiy hamkor etib tanlanganidan bag‘oyat xursandmiz. Qirollik universiteti 1845-yildan beri qishloq xo‘jaligi sohasi, innovatsiyalar va tadbirkorlik yo‘nalishlari vakillarini tayyorlab kelmoqda. Universitetning shiori “Dalalar va jonivorlarga g‘amho‘rlik qilish”. Biz butun dunyo bo‘ylab yerlar boshqaruvi va qishloq xo‘jaligi ta‘limini rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shib kelmoqdamiz.
Ushbu universitetning tashkil etilishi mamlakatingiz, shu jumladan butun Markaziy Osiyo qishloq xo‘jaligi sohasida yangi davrni boshlab beradi, deb umid qilaman”.
Xalqaro tashkilotlar va mahalliy davlat organlari vakillari, agrokompaniyalar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari tadbir mehmonlariga aylanishdi.
IAUdagi o‘quv jarayoni haqida
O‘quv yilining birinchi yilida 160 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Barcha ma’ruzalar ingliz tilida o‘tkaziladi, shuning uchun universitetga kirish uchun qo‘yiladigan asosiy talablardan biri ingliz tilini yetarli darajada bilish, ya’ni IELTS imtihonidan kamida 5 ball to‘plash edi.
O‘qish dasturi va o‘quv jarayoniga qo‘yiladigan talablar xorijiy hamkor universitet – Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (RAU) tomonidan belgilanadi. U Buyuk Britaniyadagi qariyb 150 yillik tarixga ega eng nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi. Toshkentdagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti bitiruvchilari o‘qishni tamomlagandan so‘ng Britaniya universiteti diplomiga ega bo‘ladilar.
Universitetda agronomiya, agroiqtisodiyot, agrologistika, biotexnologiya, aqlli qishloq xo‘jaligi, chorvachilik va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy etilgan.
Oliygoh talabalarga zamonaviy kasblar bo‘yicha xalqaro darajaga ega bo‘lish imkonini beradi. Ular orasida: oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha menejer, eksport va import mutaxassisi, qishloq xo‘jaligida kompyuter texnologiyalari muhandisi va boshqalar bor.
Universitetdagi o‘quv jarayoni va sharoitlar shunday tuzilganki, talabalar olgan bilimlarini darhol amaliyotda qo‘llashlari mumkin. Buning uchun bo‘lajak ish beruvchilar universitet bilan hamkorlikka taklif etilgan bo‘lib, ular orasida klasterlar, savdo kompaniyalari va hududiy markazlar mavjud.
Ochilish marosimi doirasida “BEK CORP” klaster korxonasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. U ishlab chiqarish korxonasi va oliygoh o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi uchun shart-sharoit yaratish imkonini taqdim etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: