Jahondagi eng yaxshi va shirin qovunlar O‘zbekistonda yetishtiriladi. Xalq seleksiyasida uning 150 dan ortiq navlari mavjud. Mamlakatimizda eng ko‘p ekiladigan qovun navlari: “Oqurug‘”, “Asate 3806”, “Bo‘rikalla”, “Ko‘ktinna”, “Ko‘kcha”, “Qizilurug‘”, “Mahalliy sariq handalak”, “Obi Novvot”, “Shakarpalak”, “Gurlan” kabilardir.
Qovun yovvoyi holda Janubiy-G‘arbiy Osiyo va Afrikada uchraydigan poliz ekini hisoblangan. Kichik va O‘rta Osiyoda esa 2 ming yildan beri madaniylashgan navlar ko‘rinishida ekiladi. Jumladan, Markaziy Osiyoda qovun eng ko‘p yer maydoniga ekilishi jihatidan poliz ekinlari orasida 1-o‘rinda turadi. U issiqsevar, yorug‘sevar o‘simlik, qurg‘oqchilikka va tuproq sho‘rlanishiga chidamli. Tuproq sharoitiga qarab 5-6 marta sug‘oriladi. Hosildorligi gektariga 250-300 sentnerga teng.
Qovun ekiladigan maydonlar
Ushbu mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish, aholini arzon va sifatli qovun bilan taʼminlash, eksport salohiyatini oshirish yuzasidan davlatimizda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, respublikada 2022-yilda barcha toifa xo‘jaliklarida 63 ming gektar maydonga qovun ekilgan bo‘lib, shundan 51,5 ming gektar fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi (37,4 ming gektar asosiy maydon, 1,9 ming gektar bog‘-tok qator orasi va 12,2 ming gektar takroriy maydon).
Ushbu ekilgan maydonlardan joriy yilda jami 1,3 mln tonna qovun yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan yetishtirilgan 1,0 mln tonna qovun fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ekish muddatlari
Mamlakatimizda qovun yetishtirishda Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlari yetakchilik qiladi. Uning o‘z vaqtida ekilishi yuqori hosil olishda muhim omil hisoblanadi. Qovun ekini urug‘ining unib chiqishi ekish muddatini to‘g‘ri belgilashga bog‘liq. O‘zbekistonning markaziy viloyatlarida qovunning ertaki navlari 15-aprelgacha, o‘rtagisi 20-apreldan 10-maygacha, kechkisi 15-maydan 10-iyungacha ekiladi. Janubiy viloyatlarda esa, ertaki navlar 10-aprelgacha, o‘rtagisi 10-20-aprelda, kechkilari esa 10-20-iyunda ekiladi. Shimoliy viloyatlarda ertaki qovunni 20-aprelgacha, o‘rtagisini 25-apreldan 10-maygacha, kechkisini 20-30-mayda ekish lozim. Qovun urug‘i va ko‘chatini ekish ishlari nechog‘li o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilsa, hosil ham shunga yarasha mo‘l va totli bo‘ladi.
Respublikamiz azaldan o‘zining mazali va betakror qovunlari bilan mashhur. Ularning o‘ziga xosligi va yetilish muddatlari turlicha.
“Tаrpedо” ancha mashhur qovun navlaridan. Uni aprel oyida gektariga 8,0 mingta ko‘chat qadab, ekiladi. Eksportbop, uzunchoq ko‘rinishdagi ushbu qovun navi iyul oyining oxiri, avgustning dastlabki o‘n kunligida pishadi. Ushbu qovun eksportbop hisoblanadi hamda Rossiya va Qozog‘istonga yuboriladi. Ahamiyatlisi, u yo‘lda 2-3 kunda ham sifatini yo‘qotmaydi. Uni gektaridan 45-50 tonnagacha hosil olinadi.
“Mahalliy sariq handalak” navi. Ertapishar bo‘lgan navni o‘sish davri 60-65 kundan iborat. Palagi o‘rta. Og‘irligi 0,8-2,0 kilogramm keladigan handalakni po‘sti yumshoq. Uning eti sarg‘ish, o‘rta qalinlikda bo‘lib, g‘ovaksimon, mayin shirin taʼmli. Eʼtiborlisi, ushbu navni uzoq yo‘lga tashish va saqlash mumkin emas.
“Ko‘ktinni-1087” nomli qovun navi ham mamlakatimizda yetishtiriladi. Uning yetilish davri 80-85 kunni tashkil etadi. Qarsillagan ushbu qovunni eti qalin bo‘lib, hosildorligi gektariga 22-26 sentnerga yetadi. Uzoq masofalarga tashish, saqlash uchun yaroqli deya tasnif berilgan.
“Shakarpalak-2580” qovun navini yemabsiz, bu dunyoga kelmabsiz. O‘rtapishar nav bo‘lgan qovunni, o‘sish davri 80-90 kun ekanligi maʼlum. Eti qizg‘ish, o‘rta qalin, o‘rta tolali, karsillaydigan, shirali, shirin, vanil hidli. Ushbu qovun navini uzoq yo‘lga tashish va saqlash mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: