Dukkakli don ekini hisoblangan fasol to‘yimli, lazzatli oziq-ovqat mahsulotidir. Uning urug‘i va pishmagan dukkaklari pishirib yeyiladi va konserva sanoatida ishlatiladi. Fasol boshqa loviya turlariga qaraganda kaloriyalilik darajasi va urug‘ tarkibidagi oqsil miqdori yuqoriroq bo‘lishi bilan ajralib turadi.
2022-yil hosili uchun respublika hududlarida 330,5 ming gektardan ortiq maydonlarga dukkakli don ekinlari ekilgan bo‘lib, shundan 35,8 ming gektari (11%) fasol ekini ulushiga to‘g‘ri keladi (o‘tgan yilga nisbatan 5,9 ming gektar ko‘p). Fasol asosiy ekin sifatida 5,1 ming gektar va takroriy ekin sifatida 24,5 ming gektar maydonlarga hamda 6,1 ming gektar bog‘ qator oralariga joylashtirilgan. Bugungi kunda Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo, Farg‘ona, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan parvarishlanmoqda.
Fasol ekinining o‘suv davri qisqa, ertapisharligi sababli respublikamiz sharoitida bir yilda ikki marta don hosili yetishtirish imkoniyati mavjud. Jumladan, erta bahorda asosiy ekin sifatida va kuzgi boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin sifatida ekish tavsiya etiladi.
Fasol haqida
Issiqsevar o‘simlik, urug‘i kamida 8-10 °C da unib chiqadi. Maysasi 0,5-11,0 °C da nobud bo‘ladi. Maysalanish uchun eng muqobil harorat 15-18 °C, gullash uchun 18-25 °C, meva hosil qilishda 20-23 °C talab qilinadi.
Fasol namsevar o‘simlik hamdir. O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarda ekiladi. Tuproqqa talabchan, unumdor, tuproq muhiti rN 6,5-7,0 da o‘sadi. O‘sish davri 75-120 kun.
Urug‘i tez pishadi, yaxshi hazm bo‘ladi. To‘la pishmagan dukkaklari tarkibida 18% oqsil, 2% qand, 22 mg/100 g C vitamini bo‘ladi. Donning tarkibida 20-31% oqsil, 0,7-3,6% moy, 50-60% kraxmal, 2,3-37,1% to‘qima, 3,1-4,8% kul moddasi mavjud.
O‘tmishdosh. Fasol kuzgi don ekinlaridan, kartoshka, sabzavot, makkajo‘xori, sholi va boshqa ekinlardan bo‘shagan yerlarga ekiladi.
Ekish meʼyori. 0,25-0,40 mln dona urug‘ ekiladi. Fasol don seyalkalarida ekiladi, ekish chuqurligi 3-5 sm bo‘ladi.
Sug‘orish. O‘sish davrida 3-5 marta sug‘oriladi, begona o‘tlarni yo‘qotish maqsadida chopiq (o‘toq) qilinadi, qator oralariga ishlov beriladi. Gullash va don tugish davrida ko‘proq sug‘oriladi. Tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda 500-600 m3/ga hisobidan sug‘orish tavsiya etiladi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida fasolni sug‘orishda turli usullar, jumladan: egatlab, tomchilatib, yomg‘irlatib va boshqa sug‘orish usullaridan foydalangan holda yetishtirib kelinmoqda. Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usullari qo‘llanilganda suv sarfini 35-40 foizgacha tejash imkoniyati bo‘ladi.
Yig‘im-terim jarayoni. Yig‘im-terimning vaqtida amalga oshirilishi hosil yo‘qotishini pasaytirib, sifatli va yuqori hosil olinishini taʼminlaydi. Fasolda eng qulay yig‘im-terim vaqti po‘stloqlarning katta qismining sarg‘ayishi, faqat quruq bo‘lmagan po‘stloq ichida urug‘ning qattiq, yaxshi rivojlangan va po‘stloq sinishi bilanoq tashqariga chiqadigan ko‘rinishda bo‘lgan davr hisoblanadi. O‘simliklar qo‘l bilan terilib yoki o‘roq bilan o‘rib yig‘iladi. Yig‘ilgan o‘simliklar kichik to‘plam ko‘rinishida dalada 3-5 kun davomida quritiladi. Yaxshilab qurigan o‘simliklar erta saharda yig‘ib olinadi.
Yig‘ilgan poyalarning ustidan rezina g‘ildirakli traktor bilan o‘tilib yoki maxsus xirmon asboblari bilan tozalanadi.
Saqlash. Yig‘ilgan mahsulot ombor uchun eng qulay nam miqdori 14 foizga yetgunicha quyosh ostida quritiladi. Urug‘ni ajratib olish vaqtida singan urug‘lardan tozalangan sara urug‘lik omborga yuborilmasdan oldin, yopiq sharoitda urug‘ hasharotlariga qarshi kurash maqsadida joylanadi. Tozalash vaqtida singan va zararkunanda bilan zararlangan urug‘lardan tozalangan urug‘lik mahsulot kelgusi yil hosili uchun omborlarda saqlanadi. Omborda kuzatiladigan haddan tashqari nam havo bilan urug‘lik donlarning zararlanish holatini oldini olish maqsadida zich to‘qilgan xaltalarga to‘ldirib joylanishi kerak. Fasolni omborlarda saqlash jarayonida urug‘dagi namlik miqdorini 14% da saqlash, issiqlikning 10°C dan baland bo‘lmagan holatini taʼminlash, havo namligining 55-60% atrofida bo‘lishi, ombor zararkunandalariga qarshi kerakli kimyoviy kurash chora-tadbirlarining amalga oshirilishiga, atrof-muhit toza bo‘lishiga ahamiyat qaratish lozimligi tavsiya etiladi.
Fasolning “Krasnaya obiknovennaya” navi. O‘rta tezpishar nav. Pishib yetilish davri 2 oy. Poya balandligi 0,5 metr. Dukkaklari o‘rtacha kattalikda, 9-12 sm ni tashkil etadi. Bitta dukkak ichida 3 grammgacha bo‘lgan 8-10 dona urug‘lar hosil bo‘ladi. Hosildorligi 1 metr kvadratda o‘rtacha 2,5 kg ni tashkil etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: