O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan urug‘lik paxta maydonlarida aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-seminarlar davom etmoqda. 5-avgust kuni ushbu seminar Buxoro viloyatining “G‘ijduvon super elita” MCHJ korxonasida tashkillashtirildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarining Qishloq xo‘jaligi boshqarma boshliqlari, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyatlar rahbarlari, Urug‘chilikni rivojlantirish markazi hududiy boshqarmasi, AKIS Milliy markazi hududiy boshqarmasi boshliqlari, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-tajriba stansiyalari mutaxassislari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlaridan vakillar ishtirok etishdi.
Respublikada bahorning seryog‘in, yozning esa o‘ta issiq kelishi g‘o‘za parvarishida biroz noqulayliklarni yuzaga keltirdi. G‘o‘za hosini saqlab qolish va uni yanada ko‘paytirish maqsadida tashkil etilgan ushbu seminarda sohaga oid ko‘plab muhim masalalar muhokama qilindi, muammolar o‘rganildi. Seminar avvalida mamlakatning dala maydonlarida g‘o‘za navlarini to‘g‘ri joylashtirish va sifatli urug‘lik jamg‘armasini yaratishda aprobatsiyaning ahamiyati bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, urug‘lik maydonlarida aprobatsiya ko‘riklarini o‘tkazish, navga xos bo‘lmagan g‘o‘za tuplaridan tozalash, hosilini terib olish tartibi va yaroqsiz deb topilgan maydonlardan urug‘lik paxta terishga yo‘l qo‘yilmaslik bo‘yicha choralar ko‘rilishi taʼkidlandi.
Sog‘lom urug‘lik fonini yaratishda o‘simliklarni himoya qilish sohasi olimlari va mutaxassislarining asosiy vazifalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Mutaxassislar tomonidan respublika iqlim sharoitlariga asoslanib yaratilayotgan hamda istiqbolli g‘o‘za navlarini Davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida tavsiyalar berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: