Vodiyni bejizga usta bog‘bonlar, ixtirochilar yurti deyishmaydi. Bu hududning xalqi tuproqdan zar undirishini doimo isbotlab kelmoqda. Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida istiqomat qilayotgan mirishkor bog‘bon va poliz mahsulotlarini yetishtiruvchi dehqon Omonjon Ergashev xonadoniga kirib borganimizda uning noodatiy usuldagi tarvuzlariga ko‘zimiz tushdi.
Vertikal ko‘rinishda yetishtirilayotgan bunday tarvuzlar aslida 20 sotix maydonga ekilishi kerak. Ammo ishning ko‘zini biladigan dehqon 450 tup tarvuz ko‘chatini atigi 2 sotix yerga sig‘dirgan. Sinov tariqasida ushbu ishni boshlagan Omonjon aka dastlabki yilning o‘zidayoq tarvuzdan 10 tonna hosil olishni ko‘zlagan.
Tadbirkor dehqonning aytishicha, tarvuz yetishtirishning bunday usuli yer resurslaridan foydalanishda 10 barobar tejamkorlikka erishishni taʼminlaydi. Eʼtiborlisi, bu yerda 1 gektar yerdan 5 tonnagacha tarvuz yig‘ib olinmoqda.
“Agar tarvuz palaklaridan eʼtiborni va mehnatni ayamasak, bu yana ancha vaqtgacha hosil berib turaveradi. Mana bugun tarvuzning ilk ноsilini tergan kunimizga 47 kun bo‘ldi. Shuncha paytdan beri tarvuzlarimiz hosil berishda davom etmoqda. Yetilgan tarvuzlarni maxsus setkalarga solishimizning sababi, ular pishgani sayin og‘irlashib, yerga tushib, yorilishining oldini olamiz”, — dedi dehqon vertikal holatda turgan tarvuzlarni izohlab.
Yangilik ko‘zlangan natijani berganidan mamnun Omonjon Ergashev kelgusi yilda bunday usulda nafaqat tarvuz, balki qovun yetishtirishni ham maqsad qilganini va bu tajribasini ommalashtirmoqchi ekanini aytib o‘tdi.
Shu o‘rinda respublikamizdagi asosiy poliz ekinlaridan bo‘lgan tarvuz haqida ayrim foydali maʼlumotlarga to‘xtalsak. Madaniy tarvuzning ikkita xo‘raki (Citrullus vulgaisr Schrad) va xashaki (Citrullus pateca Sagent) hamda taxir mazali bir necha yovvoyi turlari mavjud.
Ushbu poliz ekini o‘zida A, C, E vitamin, B guruhi vitaminlari, magniy, kaliy, kalsiy, fosfor, temir va natriy moddalarini saqlaydi. Uning 91 foiz qismi suvdan iborat. Bundan tashqari, tarvuz kam kaloriyali poliz mahsuloti hisoblanadi. Yangi tarvuzda 5-13 foizgacha yengil birikadigan qand mavjud. Tarvuz kesilganda fruktoza va glyukozalari umumlashadi. Shuning uchun qandli diabetga chalingan bemorlarga tarvuzdan juda kam miqdorda isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Tarvuz shirasida kamqonlikni davolash, yallig‘lanishga qarshi surish va o‘t suyuqligini haydash xususiyati kuchli bo‘lgani bois, ateroskleroz, moddalar almashinuvining buzilishi, jigar va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarini davolanishda qo‘llaniladi. Buyrak va jigarni tozalaydi.
Tarvuzda L-sitrullin – aminokislotasi ko‘p miqdorda bo‘lib, bu bo‘g‘imlar orasidagi og‘riqni to‘xtatadi. Shuningdek, tarvuz tarkibidagi A va B6 vitaminlari uni isteʼmol qilgan kishining ko‘rish va fikrlash qobiliyatlarini yanada tiniqlashtiradi. U odam tanasidagi zaharli moddalar va shlaklarni chiqarib, xolesterin ajralib chiqishiga ko‘maklashadi.
Salomatligida tarvuz isteʼmoli bilan bog‘liq cheklovlar bo‘lmasa, odam har kuni 2-3 kilogrammgacha tarvuz isteʼmol qilishi mumkin.
Darvoqe, bugun xalqaro tarvuz kuni keng nishonlanmoqda. Ushbu sana munosabati bilan dehqonlarimizning tarvuz hosiliga yanada hosil qo‘shilishini va elimizning dasturxoni ushbu neʼmat bilan doimo to‘kin bo‘lishini tilaymiz!
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: