Hozirgi murakkab va qaltis davr dunyo miqyosida agrar sohaning hal qiluvchi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash, sohada yangi ish o‘rinlari yaratish, manfaatdorlikni yanada oshirish eng muhim masalaga aylanmoqda.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish, qishloq ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilash, manfaatdorligini taʼminlash masalalari bevosita qishloq xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy usuli – klasterlar tizimi bilan bog‘liq. Ushbu yangi tuzilma o‘tgan qisqa vaqt ichida agrar sohani harakatlantiruvchi yetakchi kuch — drayverga aylandi.
Klaster iqtisodiyotimizga nima beradi? Paxta yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerga yoki xo‘jalik aʼzolariga qanday foyda keltiradi?
Birinchidan, qishloq xo‘jaligida zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy etish, yangi ish joylari yaratish va manfaatdorlikni taʼminlash imkonini beradi.
Ikkinchidan, paxtachilikka ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish uchun qulaylik yaratadi, raqobatbardoshlikni oshiradi.
Uchinchidan, fermer xo‘jaliklarini zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini yanada oshirib, uning eksportbopligini taʼminlaydi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari tarixiga nazar
Respublikada klasterlar tizimi 2017-yilda joriy etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi “Buxoro viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2978-son qarori asosida Buxoro viloyatida “BCT cluster” MCHJ QK hamda 2017-yil 15-sentyabrdagi “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3279-son qarori asosida Sirdaryo viloyatida “Bek cluster” MCHJ QK paxta-to‘qimachilik klasterlari tajriba-sinov tariqasida tashkil etildi.
Tajriba-sinov davrida ushbu klasterlar kutilganidan ko‘ra yuqori natija qayd etishdi. Shuning natijasida, 2018-yili paxta-to‘qimachilik klasterlari soni 16 taga, 2019-yili 77 taga, 2020-yili 97 taga hamda 2021-yili 122 taga, 2022-yilda esa 134 taga yetdi va klasterlar respublikada mavjud paxta maydonlarining 100 foizini qamrab oldi.
To‘rt tomonlama bitim imzolash tartibining joriy etilishi
Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularning qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanishdagi roli va masʼuliyatini oshirish, mahsulot yetishtiruvchi va uni qayta ishlovchilarning manfaatdorligini taʼminlashga doir bozor tamoyillarini keng joriy etish maqsadida 2021-yil 16-noyabrda “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-14-son O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmonga asosan, paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi tashkil etildi. Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etishda to‘rt tomonlama bitim imzolash tartibi joriy etildi. Bunda bitim Vazirlar Mahkamasining paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil qilish bo‘yicha qaroriga asosan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari» uyushmasi, tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yoki viloyat hokimligi va paxta-to‘qimachilik klasterini tashkil qilish bo‘yicha talabgor o‘rtasida o‘ttiz yil muddatga, talabgor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet ellik yuridik shaxs bo‘lgan taqdirda yigirma besh yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilishi belgilangan.
Bundan tashqari, bir hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoki tegishli viloyat) barcha paxta-to‘qimachilik klasterlariga fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma asosida faoliyat yuritishiga va fermer xo‘jaliklariga ushbu klasterlar bilan paxta xomashyosini yetkazib berish bo‘yicha ixtiyoriy ravishda fyuchers shartnomalarini tuzishga ruxsat berildi. Bu esa o‘z navbatida fermer xo‘jaliklariga erkinlik berdi va ular manfaatdorligini oshirdi.
Shuningdek, Farmonga ko‘ra, tomonlarning hech bo‘lmaganda bittasi qarshi bo‘lgan taqdirda yoki tomonlarning bitimda ko‘zda tutilgan majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmasligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning uchdan ikki qismi paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan o‘zaro tuzilgan shartnoma munosabatlari uch yil davomida to‘liq bajarilmay kelinganligini asoslovchi yozma murojaatlarining mavjudligi bois to‘rt tomonlama bitimni sud tomonidan bekor qilish tartibi joriy etildi.
Farmonda paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil qilishda yetishtiriladigan yoki sotib olinadigan paxta xom ashyosining kamida 50 foizini o‘zida qayta ishlash quvvati (eng kamida ip-kalava) mavjud bo‘lgan talabgorga boshqalarga nisbatan ustunlik berilishi belgilab o‘tilgan. Ushbu mezon paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasi tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish uchun talabgorlarning arizalarini ko‘rib chiqish davrida eʼtiborga olinadi va talabgorga klaster tashkil etiladigan hududlar uchun o‘tkaziladigan tanlovda ustunlik beradi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari statistikasi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: