Toshkent davlat agrar universitetida yangi tashkil etilgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti jamoasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida xalqaro OTM imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, birinchi grant o‘rinlarni qo‘lga kiritgan 50 nafar talaba uchun taqdimot marosimi o‘tkazildi. Tadbir davomida bo‘lg‘usi talabalarga nufuzli oliy ta’lim muassasasida o‘qish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
Тaqdimotda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Munira Aminova, Xalqaro bolim boshlig‘i Slawomir Wroblewskilar ham so‘zga chiqib, talabalarni tabriklab, universitet haqida batafsil maʼlumotlar berishdi.
2022-2023-o‘quv yilida ushbu oliy taʼlim dargohida abituriyentlar uchun umumiy ajratilgan kvotalar soni 250 tani tashkil qiladi, shundan 200 tasi davlat granti hisoblanadi. Ayni vaqtda qolgan grant o‘rinlari uchun saralash jarayoni davom etmoqda. Bugungi kunda universitetda 7 xil yo‘nalish bo‘yicha hujjatlar qabuli tashkil etilgan.
Taqdimotda ishtirok etgan grant o‘rinlari sohiblari ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlaydigan minimum 5 balli IELTS sertifikati va shunga o‘xshash boshqa sertifikatlarga ega. Bundan tashqari ular tanlov jarayonida ingliz tilida bayon yozib topshirishgan va xorijiy universitetning yuqori malakali professorlari suhbatidan o‘tishgan.
Maʼlumot uchun: Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 07.05.2022-yildagi PQ-237-son “Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tashkil etilgan. Ushbu universitet qishloq xo‘jaligi rivojlanishiga xissa qo‘shadigan innovatsion g‘oyalar tashabbuskorlari, chet el uslubi asosida ta‘lim oladigan, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash uchun xizmat qiladi.
Universitet haqida batafsil ma‘lumotlarni www.iau.uz sayti orqali olishingiz mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: