2021-yil 17-fevral kuni Budapesht shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Vengriya qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga asosan kartoshkaning Vengriya seleksiyasiga mansub 6 navi keltirilgan bo‘lib, ular: “Arany Chipke”, “Demon”, “Botond”, “Balatoni Sarga”, “Balatoni Rozsa”, “White Lady“. Bu navlar Sabzavotchilik, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Samarqand va Toshkent viloyatlari tajriba maydonlariga tarqatildi.
O‘tkazilgan sinovlarga ko‘ra, 5 ta nav eng yaxshi natija ko‘rsatdi, bular “Demon”, “Botond”, “Balatoni Sarga”, “Balatoni Rozsa” va “White Lady” bo‘lib, ular 2021-yilda istiqbolli navlar sifatida davlat reestriga kiritilgan.
Muxtabar Toshmatova, O‘zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi direktori
– Joriy yilda rejalashtirilgan ikki tomonlama Davlat dasturiga asosan O‘zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi hamda Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ilmiy-tadqiqot institutiga Vengriyadan In-Vitro ko‘rinishida material va kartoshkaning mini-tugunaklari keltirildi. Bugungi kunda ommaviy ko‘paytirish tadbirlari markaz laboratoriyasi va institut issiqxonasida olib borilmoqda. Shuningdek, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilgan “Vengriya naviga oid kartoshka urug‘ini ishlab chiqarish texnologiyasini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish” ikki tomonlama innovatsion loyihasida O‘zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi g‘olib bo‘ldi. Amaldagi tadqiqot loyihasi birinchi navbatda vengriyalik tadqiqotchilarning navlarni parvarishlash va urug‘lik kartoshkani yetishtirish texnologiyasi borasidagi tajribasini mahalliy urug‘lik kartoshka yetishtirishni tashkil etish uchun moslashtirishga qaratilgan. Loyihaning yana bir muhim maqsadi O‘zbekiston-Vengriya kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini yaratish, shuningdek, dasturni amalga oshirish va kelgusida davom ettirish uchun zarur bo‘lgan kadrlar salohiyatini oshirishdan iborat edi. Bundan tashqari, ushbu O‘zbekiston-Vengriya ilmiy markazini tashkil etish va rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tekin moliyaviy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, 2022-yil iyun oyida ilmiy yo‘nalishda hamkorlik qilish maqsadida Vengriya qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Genomika va bioinformatika markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Peter Lazslo, Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi Tuproqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, Vengriya qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari universiteti vakili:
– Mening vazifam O‘zbekiston-Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markazi, shuningdek, O‘zbekistondagi Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlari ilmiy-tadqiqot institutida Vengriyadan olib kelingan In-Vitro va mini tuganaklar ko‘rinishidagi kartoshka navlarini ko‘paytirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishdan iborat. Hozir o‘zbekistonlik hamkasblar ushbu materialni ko‘paytirish bilan shug‘ullanmoqdalar. O‘tgan yili O‘zbekistonning tuproq-iqlim sharoitida kartoshkaning venger seleksiyasiga oid 6 navi sinovdan o‘tkazilib, shundan 5 ta nav istiqbolli nav sifatida davlat reestriga kiritilgan. Ushbu navlar Vengriya qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari universiteti professori Jolt Polgar tomonidan yaratilgan. Navlar kasallik va hasharotlarga chidamli. Shuni ta’kidlashni istardimki, Vengriya kartoshkani ko‘paytirish va tanlash bo‘yicha katta tajribaga, o‘z uslubiga ega. Joriy yilda Vengriya tomoni O‘zbekistonga kartoshkani issiqxonalarda In-Vitro sharoitida yetishtirish va ko‘paytirish bo‘yicha material va metodologiyani beg‘araz taqdim etdi. Maqsadimiz – O‘zbekiston bozorini yangi navdagi kartoshka bilan to‘ldirish.
Shuningdek, O‘zbekistondagi asosiy vazifam ikki davlat o‘rtasida ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Bugungi kunga qadar bizning tomon Innovatsion rivojlanish vazirligiga ilgari taqdim etilgan 2 ta innovatsion loyihani yutib oldi va amalga oshirishga kirishildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: