2022-yil 4-iyul kuni Toshkentda Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchi – O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Tadbirda TDTga a’zo mamlakatlar (Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston) qishloq xo‘jaligi vazirlari, kuzatuvchi davlatlarning (Vengriya va Turkmaniston) rasmiy vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish doirasida TDT bosh kotibi Bag‘dod Amreyev, TDTga aʼzo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari Inam Karimov (Ozarbayjon), Yerbol Karashukeyev (Qozog‘iston), Askarbek Janibekov (Qirg‘iziston), Vaxit Kirishchi (Turkiya) so‘zga chiqishdi. Tadbirga mezbon mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev moderatorlik qildi.
“Qishloq xo‘jaligi va agrosanoat TDTga a‘zo davlatlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy aktivi hisoblanadi. TDT platformasidan foydalanish a‘zo davlatlar o‘rtasida samarali muvofiqlashtirish, tajriba va ilg‘or amaliyotlarni almashish, investitsiyalarni ko‘paytirish yo‘llarini topish imkonini beradi”, – deya taʼkidlab o‘tdi J. Xodjayev.
Uchrashuvning maqsadlari:
– qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud ko‘p tomonlama hamkorlikni baholash va TDT a’zolari hamda kuzatuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashish;
– texnik hamkorlik, salohiyatni oshirish va texnologiyalarni yetkazish hamda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha mintaqaviy sa’y-harakatlarda sinergiyani kuchaytirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish;
– a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida texnologiyalarni yetkazish hamda tajriba, ilg‘or amaliyotlar va tegishli bilimlar almashinuviga ko‘maklashish;
– o‘simlik mahsulotlari va dorivor o‘simliklar ishlab chiqarish sohasida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish;
– a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosining bir-birini to‘ldirishini va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mintaqalararo savdosini oshirish imkoniyatlarini baholash.
Vazirlar yig‘ilishini har yili TDTga a’zo davlatlardan birining hududida tomonlar tashabbusi bilan yoki alifbo tartibida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, tajriba va bilim almashish, ilg‘or amaliyotlarni qo‘llash hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha ishchi ekspertlar kichik guruhlarini tashkil etish to‘g‘risida kommyunike imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: