East Fruit axborot-tahliliy resursi O‘zbekiston bozorlarida tukli va tuksiz shaftoli narxining uch baravar arzonlashgani haqida ma’lum qildi.
Nashrning yozishicha, tukli va tuksiz shaftolining birinchi ulgurji partiyalari O‘zbekiston bozorlarida may oyining uchinchi o‘n kunligida paydo bo‘lgan, so‘nggi ikki haftada esa bu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 3 barobar arzonlashgan. Bundan tashqari, EastFruit mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, joriy narxlar o‘tgan yilgi narxlardan uch baravar arzon.
EastFruit narxlari monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yil 27-maydan 10-iyungacha shaftolining o‘rtacha ulgurji narxi 60 000 so‘m/kg.dan 20 000 so‘m/kg.gacha (5,43 AQSH dollaridan 1,81 AQSH dollarigacha), ya’ni 3 barobar pasaygan. 2022-yil 10-iyun holatiga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning o‘rtacha ulgurji narxlari 2021-yilning shu sanasiga nisbatan 33 foiz past va 2020-yilning xuddi shu sanasida qayd etilgan narxlar bilan taxminan bir xil.
O‘zbekistonda tukli va tuksiz shaftoli narxining keskin pasayishi o‘tgan yilning shu davrida ham kuzatilgan – 2021-yilning 27-mayidan 10-iyuniga qadar ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 55 ming so‘m/kg.dan 30 ming so‘m/kg.ga (5,19 AQSH dollaridan 2,84 AQSH dollarigacha), ya’ni 1,8 barobar pasaygan. Biroq, bu yil shaftolining ommaviy yig‘im-terim mavsumi boshida narxlarning pasayish darajasi o‘tgan yilga nisbatan ancha sezilarli bo‘ldi.
Bozor ishtirokchilari va ushbu mahsulot ishlab chiqaruvchilarining fikricha, narxlarning arzonlashi ertaki navlarning yuqori hosildorligi va o‘rtapishar navlar hosili yaxshi bo‘lishi kutilayotgani hamda buning natijasida ichki bozorda taklif hajmining ortib borishi bilan bog‘liq.
Tukli va tukiz shaftoli meva segmentida O‘zbekiston eksport daromadining muhim manbai bo‘lib, uning bu borada egallaydigan o‘rnini faqat gilos bilan qiyoslash mumkin. Ushbu ikkita meva uzumdan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.
EastFruit tahlilchilarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda tukli va tuksiz shaftolining ommaviy eksporti ancha muvaffaqiyatli boshlandi. Ushbu mahsulot birinchi partiyasining xorijga yuborilishi may oyining uchinchi dekadasidan start oldi, shuningdek, shaftolining ilk ulgurji partiyasi ushbu davrda ichki bozorga chiqarildi. Respublika bojxona qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 20-mayidan 14-iyuniga qadar O‘zbekiston 1,7 ming tonna tukli va tuksiz shaftoli eksport qildi, bu 2021-yilning mos davriga nisbatan 3 barobar va 2020-yilning mos davriga nisbatan 29% ga ortiq. 2020-yilda O‘zbekistondan tukli va tuksiz shaftoli eksporti hajmi rekord darajaga — 82,2 ming tonnaga yetganini inobatga olsak, joriy eksport mavsumining boshlanishini juda muvaffaqiyatli desa bo‘ladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: