O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining “G‘o‘za biotexnologiyasi” laboratoriyasi tajriba maydonida olimlar tomonidan molekulyar genetika, fiziologiya, biokimyo va seleksiyaning zamonaviy uslublarini qo‘llagan holda yuqori tola sifatiga ega navlarni yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Maʼlumki, tabiatda oppoq paxtadan tashqari yana turli rangdagi g‘o‘za ekinlari ham mavjud. Laboratoriya xodimlari aynan ushbu g‘o‘za navlari ustida tadqiqotlar olib borib, tolasi och qo‘ng‘ir, to‘q qo‘ng‘ir, qizg‘ish, sarg‘ish, och yashil, to‘q yashil va boshqa rangdagi g‘o‘za namunalarining qimmatli xo‘jalik belgilari sifatini oshirishmoqda. Kelgusida yana boshqa ranglarga ega g‘o‘zalar ustida ishlashni maqsad qilib qo‘yishgan. Sababi respublikada ushbu yo‘nalishni rivojlantirish nafaqat qishloq xo‘jaligi iqtisodiy samaradorligini, balki eksport salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.
Tabiiy yoki turli rangdagi g‘o‘za nimaga kerak?
20-asrning 50-60-yillarida tabiiy rangli (turli ranglardagi) tolali g‘o‘za navlarini madaniylashtirish ustida keng tadqiqotlar olib borildi. Lekin kimyo sanoati rivojlanishi natijasida turli yuqori sifatli bo‘yoqlar yaratilib, bu turdagi paxtalarga bo‘lgan talab yo‘qoldi.
So‘nggi yillarda dunyoda isteʼmolchilar talablarining o‘zgarishi sababli ekologik toza va organik to‘qimachilik ishlab chiqarish tendensiyasi kuzatilmoqda. To‘qimachilik sanoatida paxta tolalariga kimyoviy ishlov berish katta miqdorda suv, energiya, kimyoviy va boshqa tegishli resurslardan foydalanishni talab qiladi. Matolarni bo‘yash jarayonlari turli kanserogen kimyoviy bo‘yoqlar va yordamchi mahsulotlardan foydalanish tufayli atrof-muhitning ifloslanishiga olib keladi. Bugungi kunda matolarni bo‘yash jarayonida hosil bo‘ladigan turli kimyoviy chiqindilarni va buning oqibatida yuzaga keladigan ekologik xavfni kamaytirish bo‘yicha muhim harakatlar amalga oshirilmoqda. Ushbu istiqbolli yondashuvlardan biri, bu tabiiy rangli paxta tolasidan foydalanish va uni ishlab chiqarishni rivojlantirishdir. Butun dunyo ekologik sof organik to‘qimachilik mahsulotlari tomon harakatlanar ekan, tabiiy rangdagi paxta tolasi to‘qimachilik sanoatida navbatdagi innovatsion yutuqqa aylanmoqda.
Tabiiy rangli paxta tolasiga ega g‘o‘za navlarining tola sifati birmuncha past bo‘lsa-da, ularning biotik va abiotik stresslarga, xususan, zararkunanda hasharotlarga, turli kasalliklarga, sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamlilik xususiyatlari yuqori ekanligi o‘rganilgan. Shu boisdan, ularni yetishtirishda atrof-muhitga zarar yetkazadigan pestitsidlar va insektitsidlarga kamroq ehtiyoj seziladi. Bu esa o‘z navbatida organik paxta yetishtirish imkoniyatini oshiradi. Tabiiy rangdagi paxta tolasi sifatining past ekanligi bois, asosiy tola sifati ko‘rsatkichlari, xususan tola uzunligi, pishiqligi va mikroneyrini yaxshilash hamda hosildorligini oshirish bo‘yicha seleksionerlar tomonidan ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: