2022-yil 13-14-aprel kunlari O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatimizning shimoliy hududlari — Qoraqalpog‘iston Republikasi va Xorazm viloyati bo‘ylab press-tur tashkil etdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad ushbu hududlarda oziq-ovqat sanoati sohasida olib borilayotgan islohotlar bilan tanishtirish, sohada faoliyat yuritayotgan zamonaviy korxonalar faoliyatini yoritishdan iborat.
Aytish kerakki, kuni kecha vazir Jamshid Xodjayev boshchiligidagi vazirlikning Ishchi guruhi ushbu hududlarda bo‘lib, agrar soha vakillari bilan yaqindan muloqot qilgan edi. Muammolar joylarning o‘ziga chiqib o‘rganilib, takliflar tinglandi va aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar ishlab chiqildi. Natijada bir qancha korxonalar O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun subsidiyalar ola boshladi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamg‘armasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishga tushirilgan 7 ta loyiha doirasida jami 975 mln so‘m subsidiya beriladi.
Shuningdek, 2022-yilda ishga tushiriladigan 6 ta loyiha doirasida, loyihalar amalga oshirilishi bilan yana 650 mln so‘m subsidiya berish rejalashtirildi.
Yangi loyihalar amalga oshirilishi natijasida meva-sabzavotlarni qayta ishlash quvvati 36,5 ming tonnaga va qayta ishlash darajasi 9,6 foizga, go‘sht-sutni 23,4 ming tonnaga va qayta ishlash darajasi 4,6 foizga, boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari 749,1 ming tonnaga yetkaziladi.
Birinchi kun — Qoraqalpog‘iston
Press-sayohatning birinchi kunida ishtirokchilar Nukus shahridagi yiliga 75 000 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan “ATIYACh GULZAR” MCHJ makaron ishlab chiqarish korxonasi hamda Taxiatosh tumanidagi “ATIYACh GULZAR” MCHJ un ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Bundan tashqari, “Region real eksport-import” MCHJda bo‘lib, paxta, pista yog‘ini, kelgusida esa margarin ishlab chiqarish jarayonlariga guvoh bo‘lishdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida ushbu yo‘nalishda yangi ishga tushirilgan loyiha qatnashchilar eʼtiboriga havola etildi.
QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI
(maʼlumotlar 1 aprel holatiga ko‘ra)
Ushbu hududda oziq-ovqat sanoati sohasida 769 ta (jumladan, 11 ta meva-sabzavotni qayta ishlash, 8 ta go‘shtni qayta ishlash, 21 ta sutni qayta ishlash, 10 ta o‘simlik yog‘i, 619 ta qandolat, 34 ta un va un mahsulotlari hamda 35 ta boshqa turdagi) oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritmoqda.
“2021-yilda korxonalar tomonidan 1 790,2 mlrd so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarildi (2020-yilga nisbatan 109,8 foiz ko‘p) hamda 164,7 mlrd so‘m investitsiyalar o‘zlashtirish hisobiga 28 ta yangi korxonalar ishga tushirilib, 695 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, — dedi O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi agrologistik markazlarni tashkil etish va infratuzilmani rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Yunusov. — 2022-yilda mintaqada 2 trln 200 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilan. Shuningdek, umumiy qiymati 300 mlrd.dan ziyod bo‘lgan 89 ta yangi investitsion loyihalar shakllantiriladi”.
OZIQ-OVQAT SANOATI SOHASIDA QUYIDAGI ISHLAR OLIB BORILADI:
Margarin ishlab chiqarishni ko‘paytirish:
2024-yilda qiymati 50 mlrd so‘m bo‘lgan 15 ming tonna quvvatga ega 1 ta korxona ishga tushiriladi: Bu Taxiatosh tumanidagi «Region real export import» MCHJ loyihasi bo‘lib, unga 3,0 mln dollar XMI mablag‘lari jalb etiladi.
O‘simlik yog‘i ishlab chiqarishni ko‘paytirish:
Hududda 49,2 ming tonna quvvatga ega 10 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2021-yilda ushbu korxonalar tomonidan 6,6 ming tonna paxta yog‘i, 6,3 tonna o‘simlik yog‘i va 38,8 ming tonna shrot va shulxa ishlab chiqarildi.
2022-yilda loyiha qiymati 39,2 mlrd so‘m bo‘lgan 15 ming tonna quvvatga ega 4 ta korxona ishga tushiriladi. Natijada yil yakuni bilan ishlab chiqarish quvvatlari 64,2 ming tonna yetkaziladi. Ulardan biri Taxiatosh tumanidagi «Region real export import» MCHJ tomonidan kunlik 6 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish quvvatiga ega 17 mlrd so‘mlik zamonaviy loyihadir.
Makaron ishlab chiqarishni ko‘paytirish:
Hududda 6,6 ming tonna quvvatga ega 21 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2021-yilda ushbu korxonalar tomonidan 3,5 ming tonna makaron ishlab chiqarildi.
2022-yilda loyiha qiymati 4,0 mlrd so‘m bo‘lgan 300 tonna quvvatga ega 5 ta korxona ishga tushiriladi. Natijada yil yakuni bilan ishlab chiqarish quvvatlari 6,9 ming tonnaga yetkaziladi.
Meva-sabzavotni qayta ishlash:
Hududda 26,2 ming tonna quvvatga ega 11 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2021-yilda ushbu korxonalar tomonidan 1,6 ming tonna qayta ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
2022-yilda loyiha qiymati 63,9 mlrd so‘m bo‘lgan 10,2 ming tonna quvvatga ega 5 ta korxona ishga tushiriladi. Natijada yil yakuni bilan ishlab chiqarish quvvatlari 36,5 ming tonnaga yetkaziladi.
Go‘sht va sutni qayta ishlash:
Hududda 20,9 ming tonna quvvatga ega 29 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2021-yilda ushbu korxonalar tomonidan 5,5 ming tonna tayyor go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarildi.
2022-yilda loyiha qiymati 29,6 mlrd so‘m bo‘lgan 3,3 ming tonna quvvatga ega 8 ta korxona ishga tushiriladi. Natijada yil yakuni bilan ishlab chiqarish quvvatlari 24,2 ming tonnaga yetkaziladi.
Qandolat va boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish:
Hozirda 89,2 ming tonna quvvatga ega 619 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2021-yilda ushbu korxonalar tomonidan 17,2 ming tonna mahsulotlari ishlab chiqarildi.
2022-yilda loyiha qiymati 19,9 mlrd so‘m bo‘lgan 6,4 ming tonna quvvatga ega 35 ta korxona ishga tushiriladi. Natijada yil yakuni bilan ishlab chiqarish quvvatlari 95,6 ming tonnaga yetkaziladi.
Agrologistika va sovutkichli mahsulot saqlash quvvatlari:
Bugungi kunda quvvati 13,4 ming tonna bo‘lgan 2 ta agrologistika markazi va 24,5 ming tonna quvvatdagi 61 ta sovutkichli omborlar mavjud. 2022-yilda Amudaryo tumanida «Amudaryo tomorqa xizmati» MCHJ 6 ming tonna, loyiha qiymati 4,7 mlrd so‘mlik, 1 ta agrologistika markazi tashkil etiladi. Shuningdek, loyiha qiymati 71,8 mlrd so‘mlik 10,4 ming tonna quvvatdagi 15 ta sovutkichli omborlar tashkil etishning manzilli ro‘yxati shakllantirildi.
Xalqaro standartlar:
2022-yilda oziq-ovqat sanoatidagi 12 ta mahalliy korxonalar bilan xalqaro standart talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimlari joriy etiladi. Jumladan, 10 ta korxonalarda Organic va 11 ta ISO 22000 talablari joriy qilinadi.
Eksport
2021-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 12,2 mln dollarlik 39,5 ming tn mahsulot eksport qilingan. Asosan dukkakli, moyli, mevalar, poliz, uzum, quritilgan meva-sabzavot hamda boshqa oziq-ovqat mahsulotlari. 2022-yilda viloyatda 20,4 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan.
Import
2021-yilda 15,8 mln dollarlik 43,4 ming tn mahsulot import qilingan, import strukturasining asosiy qismini bug‘doy (42,3%), kungaboqar (37%), qayta ishlangan don mahsulotlari (6,3%) va qandolat mahsulotlari (4,2%) tashkil etgan. Tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hisobiga 2022-yilda 2,1 trln so‘mlik (182 mln dollar) yoki qo‘shimcha 9,6 mln dollarlik mahsulotlar ishlab chiqarish kutilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: