Mamlakatimizda meva-sabzavotlarni qayta ishlash bilan shug‘ullanadigan korxonalar ko‘p. Ayniqsa, muzlatilgan mahsulotlarga bo‘lgan talab ortib bormoqda. So‘nggi yillarda mahsulotga ishlov berishning eng keng tarqalgan turi hisoblangan shok usulida muzlatish jarayoni respublikada faol yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi kunda muzlatilgan meva-sabzavot mahsulotlari nafaqat ichki bozorlarga chiqarilmoqda, balki xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda.
O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlab tezkor (shok) usulda muzlatish bo‘yicha yillik 80 ming tonna quvvatga ega 9 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2022-2026-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida tezkor usulda muzlatish bo‘yicha kamida 125 ming tonna quvvatga ega 20 ta korxonani tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Respublikada qayta ishlovchi korxonalar tomonidan gulkaram mahsulotini tezkor usulda muzlatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu sabzavot tezkor muzlatish kameralariga joylashtirilishidan avval tozalash, saralash hamda kerakli vositalar yordamida ishlov berish bosqichlaridan o‘tadi. 2021-yilda korxonalar tomonidan 13 ming tonnaga yaqin gulkaram mahsuloti Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belorus, Moldova, Rossiya kabi davlatlarga eksport qilingan.
Respublikada 2021-yilda 7,7 ming gektar maydonda 142,4 ming tonna gulkaram yetishtirildi. 2022-yilda barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 8 ming 11 gektarda gulkaram yetishtirilib, undan 147,1 ming tonna hosil olish kutilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra dunyo bo‘yicha meva-sabzavotlarning 15-20%i qayta ishlanadi, jumladan YIda 20%, Fransiyada 20%, Shvetsiyada 17%, Belorussiyada 10% va Rossiyada 15% ni tashkil etadi.
Bugungi kunda dunyo bo‘yicha mahsulotga ishlov berishning eng ommabop usullaridan biri bu – shok usulida muzlatish (57%), konservalash (38%) va quritish (5%) hisoblanib, so‘nggi davrda – konservalangan meva va sabzavotlarga bo‘lgan talab (sirka va shakar bilan konserva qilingan mahsulotlar ishlab chiqarish o‘tgan 20 yil ichida 10% kamaygan) yildan-yilga kamayib, muzlatilgan mahsulotlarga talab yiliga 10 foizdan oshib bormoqda.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlikning Meva – sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish hamda Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boshqarmalari maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: