O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Jamshid Xodjayev va Italiya elchisi Agostino Pinna o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Janob Pinna ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zaro munosabatlar, davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanayotgani, shuningdek, Italiya xususiy sektorining O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirayotganini qayd etdi. Meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari aylanmasini, xususan, GSP+ vositasida oshirish sari intilishlarni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Italiya tomoni o‘zida o‘tkaziladigan qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmalarida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Vazir mamlakatimizda zaytun plantatsiyalari barpo etilayotgani, O‘zbekistonga Italiyadan ko‘chat olib kelingani va birgalikda za’faron yetishtirish ishlari borasida to‘xtalib o‘tdi.
Mamlakatimizda professional zaytun plantatsiyalarini yaratish ishlariga endigina kirishilmoqda. Xususan, joriy yilda Surxondaryo viloyatida 50 gektar zaytun plantatsiyalari barpo etildi. Italiyaning ixtisoslashgan tashkilotlari bilan O‘zbekiston zaytun sanoatida ilmiy faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib boriladi.
“2021-yil noyabr oyi oxirida Italiya qishloq xo‘jaligi ko‘chatchilari milliy konsorsiumi (CIVI Italia) va Yevropaning yetakchi “in-vitro” laboratoriyalari delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi”, – dedi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev. – O‘zbekistonda mevali bog‘lar barpo etish uchun Italiyadan mevali daraxtlarning yangi navlari, jumladan, olcha, olma, shaftoli, qulupnay, golubika va boshqa ko‘chatlar olib kelishni rejalashtirganmiz. “CIVI Italia” bilan birga ko‘rgazmali ko‘chatxona tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”.
2020-yilda Jizzax viloyatida za’faron yetishtirish, qayta ishlash va keyinchalik eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etildi. O‘tgan yili Italiyadan 20 million dona za’faron piyozi keltirilib, 155 gektar maydonga ekildi, 1,2 tonnaga yaqin hosil olindi.
Uchrashuv doirasida Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqotlari kengashi (CREA) bilan hamkorlikda agrar ilm-fan sohasidagi hamkorlik rivojlanayotgani qayd etildi, shuningdek, Qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiyalar va xizmatlar (AKIS) markazining Milan universiteti bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi choralar belgilab olindi, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni muhokama qilish va nazoratga olish maqsadida navbatdagi uchrashuvni shu yilning may oyida o‘tkazishga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: