2023-yil 8-avgust kuni Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida (IAU) grant sertifikatlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda iqtidorli talabalarning o‘quv muvaffaqiyati va qishloq xo‘jaligini faol rivojlantirishga intilishi e’tirof etildi.
Uni Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti prorektori, doktor Slavomir Vroblevskiy samimiy nutqi bilan ochib berdi va tadbirga tashrif buyurgan taniqli shaxslarni tanishtirdi.
Shundan so‘ng universitet rektori Munira Aminova ham tabrik so‘zi bilan ishtirok etib, talabalarni o‘qishda yuksak natijalarga erishishga chaqirdi. Bundan tashqari, tadbirda mehmon ma’ruzachilar ishtirok etib, o‘zlarining qimmatli fikrlarini tinglovchilar bilan o‘rtoqlashdilar.
Britaniya Kengashi direktori Denis Uoddingem nutqida qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlik muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, LEED AP direktori va “O‘zbekiston yashil qurilish Kengashi” nodavlat notijorat tashkiloti asoschisi Temur Ahmedov ta’sirchan nutq so‘zlab, qishloq xo‘jaligida barqaror amaliyotlar muhimligini ta’kidladi.
Marosim taniqli professorlar — Baxtiyor Abdusattorov, Karlos Martinez va Dinara Muzafarovalarning ruhlantiruvchi ma’ruzalari bilan davom etdi.
Menejer Muhammad Umar Aslam talabalarga xalqaro klublar va darsdan tashqari mashg‘ulotlar uchun turli va boy imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Eng hayajonli daqiqalar — sahnaga chiqqan, yangi grantlarni qo‘lga kiritgan talabalarning o‘z fikrlari va tajribalari bilan o‘rtoqlashishi bo‘ldi. Ularning maqsadlilik va qishloq xo’jaligi sohasida yuksaklikka intilishi katta aks-sado berdi, tomoshabinlar va barcha ishtirokchilarni ilhomlantirdi.
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov ham ishtirok etib, talabalarga mamlakat qishloq xo’jaligi kelajagini shakllantirishda yoshlar salohiyatini oshirish muhimligini ta’kidladi.
Taqdirlovning yana bir hayajonli lahzasi — alohida yutuqlari uchun 75 nafar talabaning e’tirof etilgani bo‘ldi. Har bir talaba tabriklandi va munosib e’tirof ramzi bo‘lgan fotosuratga tushdi.
Tadbir 18 yoshgacha bo‘lgan talabalar nomidan ularning ota-onalari yoki qonuniy vakillari ishtirok etgan, yoshlarning IAUda qiziqarli ta’lim sayohatini boshlashga tayyorligini tasdiqlovchi shartnoma imzolanishi bilan yakunlandi.
“Biz ushbu iqtidorli talabalarning ilmiy yutuqlarini nishonlashdan faxrlanamiz va ularga qishloq xo‘jaligi sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun platforma taqdim etamiz”, — dedi IAU rektori Munira Aminova.
Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti qishloq xo‘jaligi sohasi yetakchilari va mutaxassislarining keyingi avlodini tayyorlab, akademik mukammallikni, tadqiqot va global hamkorlikni rivojlantirishga intilishda davom etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: