Prezidentning “Qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori mazmun-mohiyati joylarda targ‘ib qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–257-sonli qarori qabul qilingani haqida xabar bergan edik.
2023-yil 1-sentyabrdan “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integrasion platformasi tarkibida “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etilishini ko‘zda tutgan mazkur qarorning mazmun-mohiyati, unda sohaga aloqador tashkilotlar oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan tadbirlar ayni paytda mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilmoqda. Jumladan Andijon viloyati Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti binosida tashkil etilgan seminar-trening ham aynan mana shu mavzuga bag‘ishlandi.
Unda viloyatning tuman hokimliklari, agrar oziq-ovqat sohasi tashkilotlari, agroklaster hamda agrar sohada faoliyat yurituvchi tashkilot va muassasalarning vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mazkur qaror asosida qishloq xo‘jaligi sohasiga ilg‘or raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish orqali yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, ekinlar holatini monitoring qilishning idoralararo axborot tizimlarini joriy etish belgilanganligi ishtirokchilarga atroflicha tushuntirildi hamda “Agroplatforma” axborot tizimining taqdimoti o‘tkazilib, uning ishlash tartibi, imkoniyat va afzalliklari mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirib berildi.
Shuni ham alohida aytib o‘tish kerakki, qarorda 2024-yil hosilidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlari tijorat banklarining “Agroplatforma” AT orqali elektron tarzda shakllantirilgan buyurtmanomalari asosida moliyalashtirishi, bunda mahsulot yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” ATdagi shaxsiy kabinetlari orqali elektron xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi ham belgilab berilgan. Bu bo‘yicha ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan kerakli javoblarni olishdi.
Shu kunning o‘zida bu kabi seminar-treninglar yurtimizning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ham o‘tkazildi. Qizg‘in savol-javob tarzida o‘tgan tadbirlarda ishtirokchilar Prezident qarorida belgilab berilgan vazifalar hamda axborot tizimlarining imkoniyatlari haqida o‘zilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
O‘quv-seminar respublikamizning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: