Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazirlik tizimidagi agentlik va qo‘mitalar, tizim tashkilotlari rahbarlari va boshqarma boshliqlari ishtirok etdi. Unda agrar sohaning barcha tarmoqlarini birdek rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan galdagi vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi tayinlangan o‘rinbosarlar – vazirning birinchi o‘rinbosari Botir Normahmadovich Tog‘aev va vazir o‘rinbosari Alisher Nematullaevich Shukurov jamoaga tanishtirildi.
Botir Tog‘aev tayinlovga qadar Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan.
Alisher Shukurov mazkur tayinlovga qadar Qishloq xo‘jaligi vazirining iqtisod, innovatsion rivojlanish va investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan.
Yig‘ilish davomida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, yurtimiz hududlarida uzumzorlarni va intensiv bog‘larni ko‘paytirish, yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish, meva sabzavotlarni qayta ishlash korxonalari sonini oshirish, foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni qayta o‘zlashtirish orqali chekka hududlardagi yurtoshlarimizning bandligini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning buyrug‘i bilan vazirlik kotibiyat rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan Asliddin Rashidovich Bozorov ham tanishtirildi.
Tadbir so‘ngida yangi ish boshlagan rahbar xodimlarning ish tajribasidan kelib chiqib ularning vazirlik tizimidagi faoliyatiga ishonch bildirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: