Joriy yil 2-4 aprel kunlari Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent davlat agrar universiteti ishchi-xodimlaridan iborat delegatsiya Polshada xizmat safarida bo‘lib qaytishdi.
Safar doirasida delegatsiya a’zolari Polshaning Krakov qishloq xo‘jaligi universiteti rahbariyati bilan uchrashishdi. Unda universitetning ilmiy ishlanmalari, texnologiyalarini joriy etish tajribasi, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, istiqbolli yangi loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari talaba va olimlarining Krakov qishloq xo‘jaligi universitetida malaka oshirishlari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
O‘z navbatida, Polshaning sabzavot, va ko‘kat mahsulotlari, ko‘chatlarini yetishtiruvchi yirik kompaniyalaridan biri “Prima Vega agro” rahbariyati bilan eng ilg‘or texnologiyalar asosida yaratilgan ko‘chatchilik, sabzavotchilik issiqxonalarining faoliyati bilan yaqindan tanishib, O‘zbekistonda kompaniyaning o‘z korxonasini tashkil etish borasida muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, 2024-2025 yillarda o‘zbekistonlik fermer xo‘jaligi rahbarlari va mutaxassis agronomlarining xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida kompaniyaga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.
Safar davomida Polshaning yirik urug‘chilik kompaniyalaridan biri, dunyoning 60 ga yaqin davlatiga qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini eksport qiluvchi “W.Legutko” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston hududida ekish va dala sinovlarini olib borish maqsadida qovoqning yirik mevali navi urug‘lari taqdim etildi.
Ushbu urug‘lar 2024-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi tizimidagi Ilmiy-tadqiqot institutlarining ilmiy tajriba stansiyalarida ekilib, Krakov qishloq xo‘jaligi universiteti mutaxassislari mahalliy olimlarimiz hamkorligida parvarishlanadi.
Shuningdek texnologiyalar transferini amalga oshirish natijasida ozuqa uchun mo‘ljallangan mazkur qovoqlar o‘rtacha iliq ob-havo sharoitida 112-138 kun mobaynida yetiladi. Ushbu qovoq turi pektin, organik kislotalar, mineral tuzlarga boy hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: Keltirilgan qovoq navi bakteriozga hamda turli yuqumli kasalliklarga qarshilik ko‘rsata oladi. Rangi sariq-to‘q sariq, qobig‘i ingichka, shakli sharsimon, sirti silliq, mazasi biroz shirin bo‘lib, og‘irligi 50-100 kilogramni tashkil qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: