O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23- noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-20-son qarori bilan zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini dehqon xo‘jaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 10 yilga ijaraga berish tartibi tasdiqlangan.
Ushbu qarorga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan hamda fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alla ekinlaridan qisqartirilgan yerlar hisobidan fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida ajratilishi belgilangan.
Shu bilan birga, dehqon xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o‘z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo‘lgan fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik berilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 709-son tasdiqlangan qarorinig 4-bobida ochiq elektron tanlovda ishtirok etish tartibi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdoridagi zaklat pulni operatorning maxsus depozit hisobvarag‘iga kiritadi, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan talabgorlar ushbu to‘lovdan ozod qilish belgilangan.
Shuningdek, ushbu qarorga asosan tasdiqlangan “Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti”ga muvofiq talabgorlar doimiy turar joyiga bog‘liq bo‘lmagan holda boshqa tuman yoki shahardan dehqon xo‘jaligini yuritish uchun e-auksion.uz elektron savdo platformasida tanlovga chiqarilgan yer uchastkasi bo‘yicha ariza topshirishi va tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lishi mumkin. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, agar talabgor yer uchastkasi joylashgan tuman (shahar)da yashaydigan bo‘lsa unga nisbatan qo‘shimcha imkoniyatlar beruvchi koeffitsiyent 1,5 ga teng bo‘lishi, agar boshqa tuman (shahar)da yashaydigan bo‘lsa mazkur koeffitsiyent 1,1 bo‘lishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, yer ajratish masalasi belgilangan tartibda ochiq elektron tanlovlarda ishtirok etish orqali hal etilishingiz mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: