2021-yil 29-sentabr kuni agrar sohani qo‘llab-quvvatlash uchun davlat va xususiy sektor vakillarini birlashtirish maqsadida tashkil etilgan platforma doirasida Toshkent viloyati fermer-ayollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan ASK (Agriculture Support and Knowledge) loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda «Agrar soha ayollari» uyushmasi raisi Adiba Axmadjonova, YIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyihalari menejeri Danuta El Guff, YIning byudjetini qo‘llab-quvvatlash operatsiyalari, YIning byudjetni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyalari uchun javobgar bo‘lgan bryusellik mutaxassislar Erik Dyoshenmaker va Vinsent Bigo ishtirok etdi.
«Respublikamizda bugungi kunda 6 mingga yaqin fermer xo‘jaligiga ayollar rahbarlik qilmoqda. Yevropadan maxsus ekspertlar kelib, ularning agrar sohamizga oid masalalarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi, muammo va savollarning yechimini topishga bo‘lgan intilishi qishloq xo‘jaligini yanada jadal sur’atlar bilan rivojlantirishga hissa bo‘lib qo‘shiladi. Bunday tadbirlar fermer ayollarning respublika qishloq xo‘jaligi sohasiga qo‘shadigan hissasi salmog‘ining yanada oshirishda, ularning bilim saviyasini ko‘tarish, kasbiy mahorati, huquqiy savodxonligini oshirish, mehnat sharoitini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega», — ta’kidladi «Agrar soha ayollari» uyushmasi raisi Adiba Ahmadjonova.
Muloqot doirasida chorvachilik, bog‘dorchilik va agromoliyalashtirish sohasidagi mutaxassislar mavjud muammolar va ularni hal qilish yo‘llarini muhokama qilishdi. Ishtirokchilar orasida so‘rovnoma o‘tkazilib, uning natijalari mutaxassislar tomonidan o‘rganiladigan bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida «Agrar soha ayollari» uyushmasi vakillari ayollar eng yangi texnologiyalar haqida bilim olishlari, yetakchi mutaxassislar tajribasini o‘rganishlari, shuningdek mamlakatimizda va xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun Fermer-ayollar akademiyasini tashkil etish taklifini kiritishdi. Ishtirokchilar tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: