O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Jamshid Xodjayev AQSH elchixonasining muvaqqat ishonchli vakili Pol Politis hamda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning mamlakatimizdagi missiyasi direktori Mikaela Meredit bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv doirasida tomonlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olishdi. Yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zaro Anglashuv memorandumining imzolanishi uchrashuvning ahamiyatli qismiga aylandi.
Vazir Jamshid Xodjayev birinchi navbatda Pol Politis hamda Mikaela Mereditni O‘zbekistondagi yangi tayinlov bilan qutladi va ularga muvaffaqiyat tiladi.
«Biz AQSH hukumatining qishloq xo‘jaligiga texnik yordam ko‘rsatish, agro-oziq-ovqat tizimlarining ishlab chiqarish va sotish zanjirlari salohiyatini rivojlantirish borasidagi ko‘magini juda qadrlaymiz, – dedi vazir. – Biz qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvining zamonaviy tizimini va qulay agrobiznes muhitini yaratishga intilmoqdamiz va hozirgi paytda biz O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida tarixiy o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqdamiz. Vazirlik O‘zbekistonda agro-oziq-ovqat sohasini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga muvofiq asosiy islohotlarni faol amalga oshirishni boshlab yuborgan. Shu nuqtai nazardan, USAIDning agrobiznesni rivojlantirish bo‘yicha 18,9 mln AQSH dollariga baholangan yangi loyihasi (ADA) birgalikdagi tashabbuslarimizni kuchaytirish hamda avvalgi «Qishloq xo‘jaligidagi qo‘shilgan qiymat zanjiri» loyihasi yutuqlarini kengaytirish uchun qulay imkoniyatga aylanadi. Men ushbu yangi loyihani amalga oshirish doirasida bugun imzolangan Memorandumni ko‘tarinki ruhda ma’qullayman va barchangizga, ayniqsa, loyiha jamoasiga muvaffaqiyatlar hamda barqaror natijalar tilab qolaman!
Tadbir davomida USAID O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 1 mln AQSH dollari ajratishini ma’lum qildi. Ushbu mablag‘lar qishloq ayollarining axborot texnologiyalari borasidagi va tadbirkorlik ko‘nikmalarini takomillashtirish, ularga tijorat korxonalarini ochish va mahalliy korxonalarga rasmiy ishga joylashishlariga ko‘maklashish uchun tasarruf etiladi.
«O‘n yildan ziyod vaqt mobaynida USAID O‘zbekiston hukumati va xususiy sektori bilan yuqori qiymatli tovarlarni yaratish maqsadida qishloq xo‘jaligini diversifikasiyalash bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda, – dedi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit. – Ushbu kelishuv mamlakatda olib borilayotgan hamkorlikdagi faoliyatimizni yanada mustahkamlaydi va o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga chakana savdoda, mahalliy hamda xalqaro bozorlarga chiqishda raqobatbardoshlikni oshirishga yordam beradi».
2020 yilning iyul oyida o‘z faoliyatini boshlagan USAIDning Agrobiznesni rivojlantirish dasturi – maqsadli qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qo‘shimcha qiymat qo‘shishning yangi texnologiyalari va boshqaruv amaliyotini joriy etish orqali O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida xususiy sektor ulushining o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan besh yillik loyihadir. Mazkur sa’y-harakatlar O‘zbekistonda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ayollar va yoshlarni sohaga jalb qilish, ta’lim muassasalarini xususiy sektor ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish va qishloq xo‘jaligi uchun qulay siyosatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida shuningdek, Agrobiznesni rivojlantirish jamg‘armasi o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, ushbu jamg‘arma O‘zbekiston bo‘ylab xususiy agrobiznes korxonalarining innovatsion g‘oyalarini moliyalashtiradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: