Joriy yilning 9-yanvar kuni Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida Turkiyaning Odemis Bademli ko‘chatchilik agro kooperativi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va bu boradagi tizimli ishlar davomi sifatida qishloq xo‘jaligi sohasidagi manfaatli kelishuvga erishish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Turkiyadan unumli tuproq va iqlim sharoitiga mos yangi, sifatli va serhosil meva navlari hamda payvandtaglarni olib kelinib, 15 gektar maydonda kolleksiya va ona bog‘larini barpo etish va bu orqali eksportbop meva navlari va manzarali o‘simliklarning standart talablariga mos ko‘chatlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, institutning in-vitro laboratoriyalarini eng yangi texnologiyalar bilan ta’minlash, o‘zaro xodimlar almashuvi va xodimlar malakasini oshirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv so‘nggida Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti va Odemis Bademli ko‘chatchilik agro kooperativi o‘rtasida hamkorlik anglashuv memorandumi imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: