Xabar berib borayotganimizdek, Qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan bir qator viloyatlarga tashrif buyurmoqda.
Navbatdagi manzil Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi «Bahor» mahallasi bo’ldi. Ushbu mahallada 2022-yilda 22 ming tonna, 2023-yilda 28 ming tonna hamda joriy yilda 32 ming tonna eksportbop qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirilgan. Hozirgi kunda ushbu mahsulotlarni Yevropa mamlakatlariga eksport qilish ham yo’lga qo’yilgan. Mahallada istiqomat qiluvchilar tomonidan 9 xil karam, 4 xil sarimsoq piyoz va piyoz mahsulotlari yetishtirilib, eksport qilinmoqda. Mahallada 4535 nafar fuqaro 100 foiz ish bilan ta’minlangan bo’lib, ushbu tajriba yana tumanning 9 ta mahallasida yo’lga qo’yilgan. Hozirgi kunda yetishtirilgan mahsulotlarni yig’ishtirib olishda boshqa tumanlardan ham 500 nafarga yaqin ishchilar jalb qilingan. Maqsad esa, Yevropa hamda Osiyo bozorlarini to’liq egallash, aholi bandligini ta’minlash hamda xonadonlarning daromadini oshirishdan iborat.
Aytish kerak, har bir xonadonda yashovchi fuqaro bugun mehnat bilan mashg’ulligi tufayli ichki hamda tashqi bozor qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda. Bu esa o’z navbatida aholi daromadi oshishida muhim omil sifatida xizmat qiladi.
Qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugun agrar sohada mehnat qilayotgan, izlanish va yaratuvchanlikdan charchamaydigan bu kabi ishbilarmonlar mahallalar obodligi, oilalarning to‘kinligi-yu xonadon ozodaligi yo‘lida barchaga o‘rnak ekanligini ta’kidlar ekan, xonadon sohiblarining o‘z tajribalarini qo‘ni-qo‘shnilar va yoshlarga ham yetkazish Sayxunobod tajribasini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etdi.
Shuni ham alohida ta’kidlab o’tish kerakki, «Bahor» mahallasida mana shunday keng ko’lamli ishlar boshlanganidan beri, xorijga ishga ketuvchilar sezilarli darajada kamaygan. Hozirgi kunda qadoqlanadigan qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan birgalikda o‘ralgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarning sotilishi yo’lga qo’yilgan. Bu orqali har bir xonadon oyiga o’rtacha 10 mln so’mdan daromad qilmoqda. Bundan tashqari qadoqlash jarayonlarini amalga oshiradigan texnologiyalar Xitoy davlatidan buyurtma qilingan. Yaqin bir oy ichida esa, ushbu texnikalar 100 foiz quvvatda ishga tushirilib,qadoqlangan va o‘ralgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari «Bahor» brendi ostida Rossiya, Germaniya hamda Tatariston davlatiga eksport qilinadi.
Shunindek, mahallada 6 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolar ham to’liq ish bilan ta’minlangan. 2024-yiling birinchi choragidayoq 380 tonna qishloq xo’jaligi mahsulotlarini saqlaydigan muzlatkichlar aholi xonadonlarida barpo etilgan. Yil yakuniga qadar bu ko’rsatkichni 1 yarim ming tonnaga yetkazish maqsad qilingan.
22 gektar tashlandiq, qishloq xo’jaligiga yaroqsiz bo’lgan yerlarga 8500 tadan ko’p pavloniya daraxtlari ekilib, 5 gektar maydonda esa, ko’chatchilik yo’lga qo’yilgan. Bundan tashqari daraxt oralariga to’qsonbosti ekinlar ekkan holda yana qo’shimcha 30 ta ish o’rni yaratilgan. Mahallada 2022-yildan 2024-yilning birinchi choragiga qadar 41 tadan oshiq yuridik korxonalar faoliyati yo’lga qo’yilgan. Ahamiyatlisi Angor tumanidagi yana 9 ta mahallada «Bahor» mahallasi tajribasi joriy etilgan. Nafaqat Angor tumanining o’zida, balki Qoraqalpog’iston Respublikasi Taxiatosh tumanida ham ushbu tajriba joriy etilgan bo’lib, 200 tadan 400 tagacha bo’lgan xonadonlar qamrab olingan. Bu o’z navbatida Qoraqalpog’istonning 80 foiz import mahsulotlarini o’rnini bosa oladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: