Shakar narxi oshishi haqida ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga doir
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlar va ayrim informatsion saytlarda Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportiga 2024-yil 31-avgustgacha taqiq joriy etilib, O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni to‘xtatishi, bu esa respublikamiz ichki bozorida shakar narxining qimmatlashuviga olib kelishi bo‘yicha tarqatilayotgan xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekistonda shakar mahsulotiga bo‘lgan yillik talab o‘rtacha 650-700 ming tonnani, shundan aholi iste’moli uchun (aholi soni 36,8 mln kishi, tibbiy me’yor bo‘yicha 1 kishiga 9,1 kg/yil) 335 ming tonnani va oziq-ovqat sanoati korxonalari talabi uchun 300-350 ming tonnani tashkil etadi.
Respublikada faoliyat yuritayotgan 2 ta: “Angren Shakar” va “Xorazm Shakar” MCHJ shakar ishlab chiqarish korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ko‘p bo‘lib, bu ichki bozorni talabidan ortig‘i bilan ta’minlashga yetarlidir. Ushbu korxonalar tomonidan 2023-yilda 600 ming tonnadan ziyod shakar ishlab chiqarildi.
Shuningdek, 2023-yilda shakar importi 150 ming tonnani tashkil etib, nafaqat Rossiyadan, balki Pokiston, Qozog‘iston, Tayland, Hindiston va boshqa mamlakatlardan ham shakar import qilinmoqda.
Bunda asosan yirik sanoat korxonalari tomonidan (misol uchun “Coca-cola ichimligi O‘zbekiston LTD” XK MCHJ) o‘z ehtiyoji uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarishda xom-ashyo sifatida foydalanish maqsadida shakar import qilingan.
Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportini cheklash O‘zbekistonning ichki bozorida tanqislikni keltirib chiqarmaydi, chunki respublikamizdagi yirik shakar ishlab chiqaruvchi zavodlarning faoliyati Rossiya bilan bog‘liq emas va 2023-yilda xom-ashyo, asosan, 762 ming tonna miqdorida (shakar chiqishi 98 foiz) Braziliya va Hindistondan import qilingan.
Bugungi kunda ikkita shakar ishlab chiqarish zavodlari tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2 100 tonna mahsulot chiqarilayotgan bo‘lib, shakar ko‘pligidan uning atigi o‘rtacha 300 tonnasi sotilmoqda, xolos. Shakar sotilmayotganligi natijasida korxonalar bozor bahosidan ham past narxga taklif qilmoqda.
Bugungi kunda (5 aprel holatiga) ichki bozorda shakarning chakana narxi o‘rtacha 13,8 ming so‘mni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 2,8 foizga oshgan.
Shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda yetarli (4 oylik savdo uchun) shakar va shakar xom-ashyosi zaxirasi mavjud. Shuningdek, shakar ishlab chiqarish uchun Braziliya mamlakatidan xom-ashyo kirib kelishi davom etmoqda.
Shunday ekan nafaqat Rossiyadan, balki boshqa mamlakatlardan ham tayyor shakar mahsuloti importi cheklansada, mahalliy korxonalar tomonidan ichki talabni to‘la qondirish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan tizim asosida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda bozorda narxlar barqarorligini saqlash bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rib borilmoqda.
Albatta bu kabi xabarlar har yili mavsum boshlanishidan oldin qandaydir manfaatdor insonlar va guruhlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga sizdiriladi. Shuning uchun barchani ogohlikka chaqiramiz.
Mamlakatimiz xalqini turli darajada xayajonlantiradigan va vaximaga tushishiga olib keladigan axborotlarni tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishiga asos bo‘ladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: